Farg‘onada I xalqaro “Kulollar festivali” bo‘lib o‘tdi (Foto)

14:48 25 Iyun 2018 Madaniyat
784 0
Foto: “Xalq so‘zi”

22-24 iyun kunlari Farg‘ona viloyatining qadim hunarmandlar yurti Rishton tumanida viloyat hokimligi, “Hunarmand” uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, Oshpazlar uyushmasi xamkorligida mamlakatimizda birinchi bor “Kulollar festivali” tashkil etildi.

Xalqaro festivalning ochilish marosimida yurtimizdan hamda o‘ndan ortiq mamlakatlardan tashrif buyurgan usta hunarmandlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Tadbirdan hunarmandlarning o‘zaro tajriba almashishiga, ularning sohadagi so‘nggi yangiliklardan xabardorligini oshirish maqsad qilingan.

Tadbirda mamlakatimizda tarmoq rivoji uchun yaratilayotgan sharoitlar va berilayotgan imtiyozlar hunarmandlik bilan shug‘ullanuvchilar safining ortishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Birgina Farg‘ona viloyatida o‘tgan yili 724 nafar hunarmand ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich joriy yilning shu davriga qadar 3228 nafarni tashkil etdi.

— Hunarmandlik markazlari bo‘lgan hududlarimizda bu kabi tadbirlar har yili an’ana tarzida tashkil etilyapti, — deydi Farg‘ona viloyati “Xunarmandlar” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov. — Marg‘ilon shahridagi “Atlas bayrami”, Qo‘qon shahrida o‘ymakor ustalar ishtirokidagi “Madanga muhrlangan qo‘shiq” va Rishton tumanida “Kulollar festivali”. Bunday tadbirlar soha taraqqiyotiga katta ta’sir o‘tkazib qolmay, vodiyga sayyohlar oqimining kuchayishiga ham hissa qo‘shmoqda.

Tadbir doirasida hunarmandlar ko‘rgazmasi, “Oshpazlar tanlovi”, yosh kulollar uchun mahorat darslari tashkil etildi.

Festival ishtirokchilari va xorijiy mehmonlar 23-24 iyun kunlari rishtonlik mashhur usta kulollar Alisher Nazirov, akademik Sharofiddin Yusupov, Rustam Usmonov hamda Ravshan Tojiddinov ustaxonalari faoliyati, shuningdek, “Usta-shogird” maktablari bilan tanishadi.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

Foto: “Xalq so‘zi”

 

Foto: “Xalq so‘zi”

 

Foto: “Xalq so‘zi”

 

Foto: “Xalq so‘zi”

 

Foto: “Xalq so‘zi”

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?