Fargʻonada “Hokim va yoshlar” uchrashuvi vaqtida ikki qoʻlidan ajralgan yosh yigit oʻziga munosib ish bilan taʼminlandi

16:16 08 Yanvar 2020 Jamiyat
1383 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Elyorjon Ehsonov/Fargʻona. Mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 27-dekabr kuni Toshkent shahrida yoshlar bilan oʻtkazgan uchrashuvida bildirilgan mulohazalar bugun barchaning diqqat markazida boʻlib turibdi.

Fargʻona viloyati hokimi Sh. Gʻaniyevning yangi yildagi ilk ish kunlari ham Beshariq, Oʻzbekiston, Furqat, Dangʻara, Bagʻdod, Buvayda tumanlari hamda Qoʻqon erkin iqtisodiy zonasida yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotdan boshlandi. Uchrashuvlarda viloyatining barcha boʻlim va boshqarmalari, huquq tartibot idoralari rahbarlaridan tortib taniqli ijodkorlar, jahon chempionlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, davlat mukofoti sovrindorlari, nuroniylar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining Farmoniga asosan tashkil etilgan 710 gektarli “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida mashinasozlik, toʻqimachilik, elektr texnikasi, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 180 million dollarlik 95 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvining bu galgisi odatdagidan boshqacharoq koʻrinishda tashkil etildi. Viloyatning faol, tashabbuskor yoshlari bilan birgalikda eʼtiborga muhtoj, ish izlab yurgan, nogironligi bor yoshlar maxsus avtobuslarda iqtisodiy hududda yangi tashkil etilgan korxonalar bilan tanishtirildi.

“Great Kokand” korxonasida 50 turdagi qadoqlash uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqaradi. Eʼtiborli jihati, bu yerda 100 ga yaqin nogironligi bor yoshlar doimiy ish bilan taʼminlangan.

Korxonalarga sayohat davomida ishtalab yoshlar hokimga murojaati tufayli muqim ish oʻrinlari bilan taʼminlandi.

— Ikkala qoʻlimdan ayrilganman. Tasavvur qiling, bunday nogironga qayerdan ham ish topilishi mumkin. Yoki, kim bu holatda meni ishga oladi? Ishonish qiyin, — deydi “Great Kokand” korxonasi nazoratchisi Doston Egamberdiyev. — Lekin viloyat rahbariga bevosita murojaatim yerda qolmadi. Shu korxonaga ishga joylashdim. Onamning xursandchiligini aytmaysizmi? Endi men ham oʻzimni jamiyatimizning teng huquqli aʼzosi sifatida his etyapman. Bu men uchun tuganmas baxt.

Oʻtgan yil yoz oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasidagi “Shaffof omadli sanoat” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishgan edi. Bu yerda yiliga 230 ming dona metan va 250 ming dona propan uskunalari, 300 ming dona butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.

Faol yoshlar korxona faoliyati bilan ham tanishib bu yerdagi boʻsh ish oʻrinlari va korxona imkoniyatlari bilan qiziqishdi. Shundan soʻng iqtisodiy zona maʼmuriy binosida Sh. Gʻaniyev yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlarga kirishdi.

“Bir vaqtlar dasht boʻlgan ushbu hududda bugun hayot qaynayapti. Hudud atroflari yangi qurilgan va qurilayotgan yashash manzillaridan iborat. Markaziy qismi esa ishlab chiqarish korxonalaridan tashkil topgan. Bu yerda oʻzlashtirmagan imkoniyatlarimiz juda yuqori. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, shu iqtisodiy zonada 10 ming ish oʻrni bor yoshlarimiz uchun. Bugundan eʼtiboran, hozir sizlar bilan uchrashib turgan maʼmuriy binoda yoshlar uchun boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi doimiy tarzda faoliyat olib boradi”, dedi viloyat hokimi.

Beshariq va Oʻzbekiston tumanlari markazida keng miqyosli boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etildi. Viloyatning yirik tadbirkorlari, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohasidagi ishlab chiqaruvchilar, “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi rahbariyati tadbirda ishtirok etdilar. Hokim va yoshlar uchrashuvida barcha muammolar roʻy-rost aytildi.

Muammolar oz emas. Ikki tumanning har birida uch ming nafardan ishsiz yoshlar bor. Yana uch ming nafar yoshlari xorijga ish izlab chiqib ketgan. Yoshlar orasida jinoyatchilik oʻtgan yillarga nisbatan kamaygan boʻlsada, hali bu borada muammolar bor. Ekstremistik, terroristik guruhlar safida, Suriyada yurganlar hali bir necha yuz nafarni tashkil etadi.

“Bu ochiq-oshkora muloqot maydoni. Men sizlarni tinglagani keldim. Biz aka-uka, ota-bola boʻlib gaplashaylik”, dedi hokim barcha rasmiyatchiliklarni bir chetga surib.

Muloqotlar davomida yaypanlik uch karra Oʻzbekiston chempioni Zeboxon Qahhorovaning taklifi bilan baydarka va kanoeda eshkak eshish sporti suv havzasi quriladigan boʻldi.

Xudoyberdi Toʻxtaboyev nomidagi bolalar kutubxonasiga viloyat hokimligi zaxira jamgʻarmasidan 700 mln. soʻm pul ajratildi.

Yosh tadbirkorlarning asosli loyihalariga bank oldida hokimliklar, jumladan Shuhrat Gʻaniyevning oʻzi ham kafil boʻlishini bildirdi.

Dangʻara tumanida boʻlib oʻtgan uchrashuv ham ortiqcha rasmiyatchiliklardan holi samimiy ruhda oʻtdi. Shu oʻrinda aytish kerakki, 2019-yil yakunlari sarhisobiga koʻra Dangʻara tumani “Viloyatdagi eng namunali tuman” deb eʼtirof etilgan.

— Men tadbirkorlik bilan shugʻullanaman. Lekin shunga qaramay menda chorvachilikka ham qiziqish paydo boʻldi. Shu yoʻnalish boʻyicha imtiyozli kredit ajratilsa, — dedi Ikrom Abdullayev.

Yosh tadbirkorning bu murojaati oʻz oʻrnida yechimini topdi. Unga Agrobank tomonidan 50 mln. soʻm imtiyozli kredit ajratiladigan boʻldi.

— Tuman hokimligi qoshida yoshlarning innovatsion gʻoya va takliflarini va muammolarini doimiy moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus jamgʻarma tashkil etilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi, — dedi yoshlar yetakchisi Mahliyo Xudoyberdiyeva.

Viloyat va tuman hokimligi tomonidan bu tashabbus ham qoʻllab-quvvatlandi. Bu jamgʻarmaga viloyat byudjetidan 4 mlrd. va tuman byudjetidan 1 mlrd. soʻm ajratilishi belgilab qoʻyildi.

Viloyat hokimi, viloyat faollari va faxriylarining yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi Furqat tumanida davom etdi.

Yosh tadbirkor Sh. Roʻzmatov oʻz mablagʻi hisobiga tuman markazida yoshlar uchun “Eko park” tashkil etish uchun yer ajratib berishga ruxsat soʻrab murojaat qildi. Tuman yoshlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi uchun sharoit, qoʻshimcha ish oʻrinlari yarataman degan tadbirkorni barcha olqishladi va qoʻllab-quvvatladi.

Furqatliklarning faxru iftixori boʻlgan bokschi Bektemir Meliqoʻziyev ham yangi tashabbus bilan chiqdi:

— Tumanimizda respublika miqyosida Boks maktabini tashkil etishni xohlayman. Imkoniyat boʻlsa tuman Agrosanoat kasb-hunar kollejining boʻsh turgan qismidan joy ajratilsa. Mamlakatimiz boʻyicha yagona boʻlgan tajriba boks maktabini yaratmoqchiman, — dedi Bektemir Meliqoʻziyev.

— Tumanimizda usta Yusufjon naqqosh maktabini kengaytirish uchun yer maydoni ajratilsa 1000 dan ortiq yoshlarni ish bilan band qilish imkoniyati va salohiyatiga ega boʻlamiz, — dedi Xamidillo Muhammadaliyev. — Bu borada koʻp yillik mehnat tajribasiga ega boʻlgan usta naqqoshlar maktabi bor.

Bagʻdod tumani yoshlari bilan uchrashuvda ham kutilmagan kreativ takliflar ham oʻrtaga tashlandi.

Tumanning Yangiobod qishlogʻida yangidan qad rostlagan “Hazrati Haziniy” ziyoratgohi hududida “Yoshlar bogʻi” barpo etiladigan boʻldi. Buning uchun 250 mln. soʻm mablagʻ sarflanadi. Navbatdagi ilmiy safarlar, izlanishlar hamda ijodiy ishlar uchun tumanning 8-umumiy oʻrta taʼlim maktabi tarix fani oʻqituvchisi, yosh ilmiy izlanuvchi Ravshanbek Abdullayevning shaxsiy hisob raqamiga 50 mln. soʻm ajratiladigan boʻldi.

Tumanlarda davom etgan uchrashuvlarda eʼtiborli va qiziqarli takliflar ham oʻrtaga tashlandi. Masalan, “Yosh tarixchilar” koʻp bosqichli tanlovini oʻtkazish, mahalla fuqarolar yigʻini binosida huquqiy savodxonlikni targʻib etish xonasi ochib, uni zarur hujjat va adabiyotlar bilan taʼminlash, yoshlarga boʻsh yotgan qir-adirlardan tutzor tashkil qilish uchun yer ajratib berish ham yoshlar eʼtiboridan chetda qolmadi.

— Bu samimiy uchrashuvlar yoshlarga boʻlgan ishonch va muhabbat davlat va hukumat tomonidan cheksiz ekanidan dalolatdir, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi Topvoldi Xoldorov. — Lekin, aziz yoshlarimiz qars ikki qoʻldan chiqishini hech qachon yoddan chiqarmasligi kerak. Doimo inson insondan yaxshilik, ezgulik axtarib, oʻrganib yashasa juda katta yutuqlar egasi boʻladi.

Oʻzbekiston Prezidentining yangi yil arafasidagi yoshlar bilan uchrashuvi mamlakatga yangicha ruh, kayfiyat olib kirdi. Viloyat yoshlari bilan uchrashuvlar ana shunday ulkan rejalar va ezgu niyatlar bilan davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?