Fargʻonada harbiy xizmatchilarga 180 ta yangi xonadon kalitlari topshirildi

17:13 10 Yanvar 2019 Jamiyat
425 0

Foto: "Xalq so'zi"

Fargʻona shahrining sohibqiron Temur koʻchasida harbiy xizmatchilar uchun koʻp qavatli uylar majmuasi barpo etildi.

2017 yilning 30 martida davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston RespublikasiMudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun uy-joy qurish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori imzolangandi. Harakatlar strategiyasining toʻrtinchi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan imzolangan mazkur hujjat asosida harbiy xizmatchilar uchun Fargʻona shahrida 180 oilalarga 6 ta koʻpqavatli uylar majmuasi barpo etildi.

Yaqinda mazkur uylarni egalariga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda mamlakatimizning turli hududlarida xizmat qilib nafaqaga chiqqan va ayni paytda faoliyatini davom ettirayotgan harbiy xizmatchilar oilalarga xonadon kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Foto: "Xalq so'zi"

– Ayni kunlarda Namangan viloyatining Chust tumanidagi harbiy qismda 14 yildan buyon sidqidildan xizmat qilaman, –deydi Fargʻona tumanilik Jonibek Umarov. – Turmush oʻrtogʻim Vasila Umarova bilan 5 yildan buyon yangi uy qurish uchun topgan mablagʻimizni oilamizdan orttirib yigʻar edik. Bu qarangki, mamlakatimiz rahbari, oliy bosh qoʻmondonning maxsus qarorlari bilan men kabi harbiy xizmatchilarga imtiyozli kredit asosida uy-joylar berilyapti. Bizga ham nasib qilganidan oila aʼzolarim, farzandlarim bilan birgalikda juda xursandmiz. Bu islohotlar ogʻirimizni yengil qildi.

– Turmush oʻrtogʻim Sharqiy harbiy okrugda 19 yil xizmat qilgan, –deydi Bagʻdodlik Mahliyoxon Umarova. – Shu yillar davomida muntazam shaharda yashab oʻrganib qolgan ekanmiz. Farzandlarimiz ham shaharda tahsil olishadi. Oʻzimiz qishloqda boʻlsak ham bolalar shaharda oʻqishni yakunlasin deb, qishloqdan qatnab boʻlsa ham oʻqitayotgandik. Barcha sharoitlar muhayyo yangi uylarning imtiyozli berilishi farzandlarimni behad xursand qilib yubordi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Margʻilon va Quvasoy shahri, Toshloq, Qoʻshtepa va Fargʻona tumanida yashovchi nogironligi bor va kam taʼminlangan 105 oila aʼzolari ham yaqinda yangi yilni Fargʻona tumanining Mindonobod massivida bunyod etilgan yangi xonadonlarda ana shunday xursandchilik bilan kutib olgan edilar.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?