Fargʻonada gaz “zapravka”laridagi narxlar 1950 soʻmgacha tushirilmoqda

16:23 04 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
662 0

Foto: Farg?ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi Axborot xizmati

2019 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatimiz soliq tizimida qoʻshilgan qiymat soligʻini amaliyotga kengroq tatbiq etish boshlandi. Shu bilan birga, tovarlar xarid qilinganda, ayrim savdo markazlarida mahsulotga belgilangan narx tarkibidagi QQS miqdori xarid chekida ifodalanishi koʻpchilikda xavotir uygʻotmoqda. Yaʼni, tovarlarga QQS qoʻshilib, narx-navo oshib ketyaptimi? Yoki vodiyda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida (“zapravka”) narxlar 300-400 soʻmga oshirilgani asoslimi?

Shu kabi savollarga Fargʻona viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan soliq islohotlari Konsepsiyasi doirasida 2019 yil 1 yanvardan mamlakatimiz soliq tizimiga kiritilgan oʻzgarishlar yuzasidan Fargʻona, Qoʻqon va Margʻilon shaharlari hamda Rishton, Beshariq va Uchkoʻprik tumanlarida tashkil etilgan seminar-treninglarda batafsil javob berildi. Taʼkidlash joiz, tadbirlarda umum belgilangan soliqlar toʻlash tartibiga oʻtayotgan hududdagi koʻplab tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi. Bu haqda Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Seminarlarda asosiy eʼtibor viloyatdagi umum belgilangan tartibdagi soliqlar, xususan, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlash tartibiga oʻtayotgan turli tarmoq (umumiy ovqatlanish, qurilish, savdo, xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish, audit) vakillariga soliq islohotlari natijasida yuzaga kelgan oʻzgarishlar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borishga qaratildi.

– 1 yanvardan mahsulotlar narxi 20 foizli QQS hisobiga oshdi deganlar uchun taʼkidlashim kerakki, ushbu soliq turi mahsulot narxiga qoʻshimcha ravishda qoʻshilgani yoʻq, u avval ham bor edi, faqat koʻpchilik eʼtibor bermagan, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mirziyod Mahkamov. – 20 foizli QQS koʻrsatilgan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan cheklarga kelsak, tekshirilganda maʼlum boʻldiki, ular dekabr oyida qayd etilgan. Yanvar oyining boshi dam olish kunlari ekanligini hisobga olsak, yangi tizim endi ishga tushyapti. Endi narx-navo osharkan deya, xavotirlanishimizga hech qanday asos yoʻq.

Shuningdek, 2019 yil 1 yanvardan QQSning standart 20 foizlik stavkasi hamda tadbirkorga qulaylik yaratish maqsadida yillik tovar oboroti 1 milliarddan 3 milliardgacha boʻlganlarga soddalashtirilgan QQS tartibi joriy etilayotganligi qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

– Bizning yillik tovar aylanmamiz 1,4 milliard soʻm atrofida, – deydi Yozyovon tumanida faoliyat koʻrsatuvchi “Nigora Nizomova” xususiy korxonasi rahbari Muzaffar Abdullayev. – Yangi joriy etilgan tartibga koʻra, biz yagona soliq toʻlovidan umum belgilangan tartibdagi soliqlar toʻlashga oʻtayapmiz. Demak, biz ham QQS toʻlashimiz zarur ekan. 20 foizli stavkani eshitib dastlab, bu holat narxlar oshishiga sabab boʻlmaydimi, degan xayolga borgandim. Bugungi seminardan soʻng fikrim butunlay oʻzgardi. Yaʼni, agar tovarlarni olib kelishda 20 foizlik QQS toʻlovchi bilan hamkorlik qilsam, men sotayotgan tovardan QQS toʻlayotganimda hamkorim toʻlagan QQS ham hisobga olinar ekan, shuning hisobiga narxlarda hech qanday oʻzgarish kuzatilmaydi. Agar hamkorim QQS toʻlovchi boʻlmasa, soddalashtirilgan QQS tartibida pasaytirilgan stavkada soliq toʻlashim men uchun qulayroqekan.

Shuningdek, vodiyda avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalarida kuzatilayotgan narx oshishiga ham mutasaddilar tomonidan munosabat bildirildi.

– Fargʻonada gaz “zapravka”laridagi bosim bilan birgalikda narxlar ham 300-400 soʻmga oshirildi degan xabarlarni oldik. Bunga yonilgʻiga nisbatan aksiz soligʻi joriy etilganligini sabab qilib koʻrsatishayotgan ekan, – deydi Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Nazirjon Polvonov. – Xabaringiz bor, 2018 yil 1 noyabrdan gaz narxi 11 soʻmga oshib, 1900 soʻm etib belgilangan edi. Vaholanki, 2019 yil 1 yanvardan benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliqning oʻrniga aksiz soligʻi joriy qilinishi hisobiga soliq miqdori atigi 55 soʻmga oshgan. Shu munosabat bilan, biz kuni kecha viloyatimizdagi gaz “zapravka”lari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdik va ularga gaz narxini asossiz oshirganliklarini batafsil tushuntirdik. Natijada, metan gaz narxlari 1950 soʻmgacha tushirilmoqda.

Tadbirlarda 2019 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatimiz soliq tizimiga kiritilgan oʻzgarishlar yuzasidan barcha uchun tushunarli, sodda va koʻrgazmali shaklda tayyorlangan infografikalar soliq toʻlovchilar ixtiyoriga havola etildi.

Seminarlarda 2019 yil 1 yanvardan hududiy davlat soliq inspeksiyasida QQS toʻlovchilar roʻyxati shakllantirilganligi hamda har bir QQS toʻlovchiga Boshqarmadan masʼul xodim biriktirilganligi, bundan tashqari “Soliq-servis” DUKning hududiy filiallari orqali istalgan savolga mutaxassislar tomonidan javob topish mumkinligi alohida qayd etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?