Fargʻonada Erkin Vohidov kunlari oʻtkazilmoqda

18:12 26 Dekabr 2018 Jamiyat
660 0

Foto: "Xalq so'zi"

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 7 dekabrdagi “Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻzbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qoʻshgan adib ijodiy merosini oʻrganish va uni yoshlarga yetkazish yoʻlida qator ishlar amalga oshirilmoqda

Prezidentimiz shu yil 12-13 iyun kunlari Fargʻonaga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida bundan buyon har yili 25-27 dekabr kunlari Fargʻonada Erkin Vohidov tavallud ayyomiga bagʻishlangan Adabiyot kunlarining oʻtkaziladigan boʻldi.

Foto: "Xalq so'zi"

Adabiyot kunlari dastlab shu yilning 25 dekabr kuni Hoʻqandi latifda keng nishonlandi. “Erkin Vohidov kunlari” doirasidagi tadbirlarning ikkinchi kunida ijodkorlar Margʻilon shahridagi ijodkorlar bogʻida dastlab shoir haykali poyiga gul qoʻydi. Ijodkorlar Erkin Vohidov nomidagi bogʻ, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Fargʻona filialining yangi binosi, shoirning memorial muzeyi, majmua tarkibidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat bilan tanishdilar. Adabiyot bayrami ishtirokchilari tadbir avvalida shoir ijodidan namunalar va rasmlar koʻrgazmasini koʻzdan kechirdilar.

Foto: "Xalq so'zi"

- Erkin Vohidov Respublikamiz yoshlarining birinchi jurnali “Yoshlik”ning asoschisi, – deydi , “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi bosh muharriri Oʻktam Mirzayor. – U rus shoiri Sergey Yeseninning sheʼrlarini ham buyuk mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Shoir inson ruhiyatining nozik va ilgʻash mushkul manzaralarini taʼsirchan aks ettiradi. Odamni komil koʻrmoq istagi uning sheʼrlari asosini tashkil qiladi.

Adabiy tadbirdan soʻng Fargʻona davlat universitetida shoir adabiy merosiga bagʻishlangan ilmiy-anjuman boʻlib oʻtdi.

Elyorjon Ehsonov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?