Fargʻonada dizel yoqilgʻisi va mineral oʻgʻitlarning noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi 

11:11 01 Aprel 2019 Jamiyat
218 0

Illyustrativ foto

Fargʻona viloyatida davlat soliq xizmati organlari xodimlari viloyat huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda noqonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan “ustasi faranglar”ni aniqlash yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazishmoqda. Bu haqda DSQ matbuot xizmati xabar berdi.

Yozyovon tumanida oʻtkazilgan tadbir davomida, Yuqori soyboʻyi mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi O.S.ning xonadonida dizel yoqilgʻisi noqonuniy ravishda saqlanayotganligi aniqlandi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu fuqaro hajmi 1,6 tonna sigʻimga ega temir sisternada 1500 litr dizel yoqilgʻisi hamda 7 dona har biri 20 litrdan boʻlgan mahsus yelim idishlarda 140 litr dizel yoqilgʻisi noqonuniy tarzda sotish uchun saqlab kelgan.

Nazorat tadbiri natijasida qonunbuzarning 9 million soʻmlik dizel yoqilgʻisi mahsuloti, 2,5 million soʻmlik sisterna, 1,2 million soʻmlik 81 dona yelim idish hamda 300 ming soʻmlik suv tortish nasosi daliliy ashyo sifatida olindi.

Fargʻona tumanida oʻtkazilgan nazorat tadbirida davomida Shohimardonobod mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi M.N. xonadoni xolis guvohlar ishtirokida koʻzdan kechirilganda fuqaro noqonuniy ravishda mineral oʻgʻitlar sotish faoliyati bilan shugʻullanayotganligi aniqlandi.

Mazkur holat belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda qonunbuzarning 28,5 million soʻmlik 3 turdagi 1,32 tonna mineral oʻgʻitlari daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olindi.

Nazorat tadbirlari yakunida noqonuniy faoliyat yuritish oqibatlari, shuningdek, tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar xususida fuqarolar bilan profilaktik suhbat olib borildi va qonuniy faoliyat yuritish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?