Fargʻonada Davlat xizmatlari markazining yangi binolari foydalanishga topshirildi

11:57 26 Avgust 2019 Jamiyat
281 0

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yilligi oldidan bugun Fargʻona viloyati Buvayda tumani aholisiga qayta rekonstruksiya qilingan zamonaviy koʻrinishga ega davlat xizmatlari markazi binosi foydalanishga topshirildi. Ushbu markaz aholiga hamda tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida A va B sektorlarga boʻlingan. Markazning kiraverish qismida markaz direktorining shaxsan oʻzi murojaatchilarni kutib olib, muammolarini hal etiishi koʻzda tutilgan.

- Binoning oʻziga xosligi - bu yerda tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiquvchi bosh vazir qabulxonasi, chet ellik hamda mahalliy investorlar uchun alohida investorlar xonasi, kutubxona, ona va bola xonasi, infokiosk, navbat bilan qabul qilish qurilmasidan iborat barcha qulayliklar mavjud, -deydi davlat xizmatlari markazi Buvayda tumani boʻlimi rahbari Nariddin Manazarov. - Bu qulayliklar markaz hodimlarini jismoniy va yuridik shaxslarga yanada tez va sifatli xizmat koʻrsatishiga xizmat qiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, mustaqillik shodiyonalari arafasida viloyatning Rishton, Soʻx tumanlari hamda Margʻilon shahrida ham davlat xizmatlari markazi binolari tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan edi.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?