Fargʻonada davlat xizmati koʻrsatish sohasida muddat buzish boʻyicha chempion tashkilot aniqlandi - 9 oyda 4945 ta holat!

15:44 09 Oktyabr 2020 Jamiyat
121 0

Yaqinda internet sahifalarida “Hisoblagichlar mashmashasi: aholi nega sarson?” maqolasiga koʻzim tushdi. Ayni muddao! Batafsil mutolaa qilgach, ushbu faktlarni  sizlar bilan oʻrtoqlashgim keldi. Mulohaza va xulosa chiqarish oʻzingizdan. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yildagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatishda qonun hujjatlari va maʼmuriy reglament talablariga rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.

Jumladan, Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan aholiga elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish va oʻrnatish, qiyoslashdan oʻtkazish sohasini tartibga solgan maʼmuriy reglament talablariga rioya etilishi ahvoli tahlil qilinganda, viloyatning suv taʼminoti korxonalari 1399 ta holatda, elektr tarmoqlari korxonalari 1081 ta holatda, biroq bular orasida eng “yetakchi”si  - hududiy gaz taʼminoti tashkilotlari (HGTT) 4945 ta holatda muddat buzilish holatlariga yoʻl qoʻyganligi aniqlandi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi 698-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik va jismoniy shaxslarning tabiiy gazni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichni) yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti yuridik va jismoniy shaxslarga Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tabiiy gazni maishiy va elektron hisobga olish (hisoblagich) uskunasini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilaydi.

Ushbu Reglamentga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslar Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoʻllagan murojaatlari HGTTga kelib tushganidan soʻng jami 14 ish kunida amalga oshirilishi belgilangan.

Aniqlanishicha, HGTT tomonidan talabgorlarning tabiiy gazni hisobga olish uskunalarini qiyoslashdan oʻtkazish masalasidagi murojaatlarini koʻrib chiqishda, xususan, Oltiariq tumanida 800 ta, Fargʻona shahrida 748 ta, Quvasoy shahrida 383 ta, Qoʻqon shahrida 355 ta, Margʻilon shahrida 353 ta, Fargʻona tumanida 214 ta, Oʻzbekiston tumanida 212 ta, Rishton tumanida 165 ta, Quva tumanida 143 ta, Qoʻshtepa tumanida 148 ta, Uchkoʻprik tumanida 138 ta, Furqat tumanida 62 ta, Soʻx tumanida 43 ta, Bagʻdod tumanida 33 ta, Dangʻara tumanida 28 ta, Beshariq tumanida 23 ta, Toshloq tumanida 14 ta, Yozyovon tumanida 9 ta, jami 3871 nafar fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqishda, muddat buzilishlarga yoʻl quyilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yildagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik va jismoniy shaxslarni gaz tarmoqlariga ulash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarning tabiiy gazni hisobga olish tizimini plombalash va elektr taʼminoti shartnomasini tuzish haqidagi murojaatlari HGTTga kelib tushganidan soʻng jami ikki ish kunda amalga oshirilishi kerak.Bu shart!

Xususan, HGTT tomonidan tabiiy gazni hisobga olish tizimini plombalash va gaz taʼminoti shartnomasini tuzish masalasidagi murojaatlarini koʻrib chiqishda, xususan, Dangʻara tumanida 291 ta, Toshloq tumanida 113 ta, Fargʻona tumanida 59 ta, Margʻilon shahrida 30 ta, Qoʻqon shahrida 33 ta, Furqat tumanida 12 ta, Bagʻdod tumanida 8 ta, Oltiariq tumanida 11 ta, Fargʻona shahrida 3 ta, Oʻzbekiston tumanida 10 ta, Yozyovon tumanida 10 ta,  Buvayda tumanida 3 ta,  jami 584 nafar fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqishda, muddat buzilishga yoʻl quyilgan.

Shuningdek, tabiiy gazni hisobga olish uskunasini (hisoblagichni) yechish va oʻrnatish masalasidagi murojaatlarini koʻrib chiqishda, Margʻilon shahrida 86 ta, Dangʻara tumanida 84 ta, Uchkoʻprik tumanida 70 ta, Qoʻqon shahrida 55 ta, Furqat tumanida 45 ta, Qoʻshtepa tumanida 39 ta, Soʻx tumanida 24 ta, Bagʻdod tumanida 19 ta, Toshloq tumanida 12 ta, Fargʻona tumanida 10 ta, Oltiariq tumanida 9 ta, Fargʻona shahrida 7 ta, Oʻzbekiston tumanida 5 ta, Yozyovon tumanida 4 ta, Quva tumanida 3 ta, Buvayda tumanida 2 ta, Rishton tumanida 
2 tajami 476 nafar fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqishda, muddat buzilishga yoʻl quyilgan.

Bundan tashqari, HETKlar tomonidan isteʼmolchilarning 1,2 MPa bosimdan yuqori boʻlgan gaz tarmoqlariga ulanishiga texnik shartlarni olish masalasidagi murojaatlarini koʻrib chiqishda, 16 ta holatda “dxa.gov.uz” tizimida ijobiy hal etildi deb javob xati yoʻllangan, tizimga yuklangan javob xatida esa «tabiiy gaz tarmogʻiga ulash nuqtasi oʻrganilmoqda» degan vaj bilan maʼmuriy reglamentda koʻrsatilmagan asossiz javob berilgan, keyinchalik esa texnik shartlar toʻgʻridan - toʻgʻri berilganligi aniqlandi.

Maʼlum boʻlishicha, Dangʻara tumanida 4 ta, Buvayda tumanida 3 ta, Fargʻona shahrida 3 ta, Toshloq tumanida 1 ta, Bagʻdod tumanida 1 ta, Oltiariq tumanida 1 ta, Quva tumanida 1 ta, jami 14 ta holatda maʼmuriy reglamentda koʻrsatilmagan asos bilan javob berilgan.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 11.04.2018-yildagi 
PQ-3662-son “Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorining 13-bandiga asosan Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda har chorak yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga davlat xizmatlarini yoʻlga qoʻyish va ularni elektron shaklga oʻtkazishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyayotgan aniq shaxslarni koʻrsatgan holda mazkur qarorning amalga oshirilishi boʻyicha maʼlumot kiritish vazifasi yuklatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yildagi 
PQ-3430-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorining 
3-bandiga asosan, Agentlik davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonunbuzilishlar, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy jazo chorasini koʻllash huquqiga ega. Shunga koʻra, barcha qonunbuzilish holatlari yuzasidan qonuniy baho berildi.

Xulosa oʻrnida. Bizningcha, yuqorida keltirilgan qonunbuzilish holatlariga chek qoʻyilishi uchun suv va gaz taʼminoti hamda elektr tarmoqlari tashkilotlari rahbarlari ishtirokida ushbu muammolar muhokama qilinishi,  kelgusida bu kabi qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilmaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab olishlari  zarur.

 Bugungi kunda zamon shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Qaysi tashkilot boʻlishidan qatʼiy nazar tinimsiz yangilanishlar boʻlayotgan bir paytda barcha idoralar vakillari ana shu oʻzgarishlarga moslasha olishi juda muhim. Aks holda, fuqarolarning sarsongarchiliklari davom etaveradi.

Farhod NUGMANOV,
DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi
boʻlim boshligʻi.  

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?