Fargʻonada bir yigit bor

18:13 31 May 2019 Jamiyat
423 0

Illyustrativ foto

Koʻp qavatli uyning ikkinchi qavati. Sakkiz jondan iborat katta bir oilani oʻz ichiga olgan ikki xonali gʻaribgina xonadon. Uyda qadam qoʻyishga ham joy yoʻq. Fargʻona shahar, Qirgili mavzesi, Yangi asr koʻchasi, 180-uy, 37-xonadonda istiqomat qiluvchi Ulugʻbek Soliyevning bosh miyasida oʻsimta paydo boʻlgani aniqlanib, jarrohlik amaliyoti oʻtkizilganiga ham 16 yil boʻlibdi.

— Oʻshanda 13 yoshda edim, — deb eslaydi u. — Jarrohlik amaliyoti oʻtkazilsa tuzalib ketaman, deb oʻylagandim. Taqdir ekan, koʻzlarim koʻrmay qoldi. Oʻzimnimas, onamni oʻylab siqilaman. Bir nogiron singlim ham bor. Yurolmaydi. Onamning bu hayotda chekayotgan mashaqqatlarini oʻylab harakatdan toʻxtamadim.

Qaddi raso, qomati alp, baland boʻyli norgʻul bu yigit qilni qirq yoradigan yoshda. Koʻzi ojizligiga qaramay, Oʻzbekiston Milliy Universitetining tarix fakultetiga oʻz kuchi bilan oʻqishga kirgan. Darslarini diktofonlarga yozib olib, diktofon yordamida oʻqishni davom ettirgan, bakalavr diplomini qoʻlga kiritgan. Shu taxlit universitetning magistraturasini ham tugatgan. 2016-yildan buyon Fargʻona shahridagi koʻzi ojizlar maxsus maktab-internatida tarix fanidan dars beradi. Boʻsh vaqtlarida sheʼrlar yozadi, qoʻshiqlar bastalaydi.

—Mening orzularim koʻzlarim koʻrmay qolgandan keyin ikki barobarga koʻpaydi,— deydi u. — Brayl alifbosida badiiy adabiyotlar juda kam. Agar ilojini qilolsam, shu ish bilan shugʻullanar edim. Audio kitoblar tayyorash niyatim ham bor.

Oʻsha kuni u tengdoshlari muammolarini oʻrganib yurgan yoshlar tashkiloti tomonidan tashkil etilgan guruhdan u dars oʻtishiga kerak boʻlgan smartfon soʻragan edi. Uning iltimosini bajara olishmadi, lekin holidan xabar olishganini daftarlariga qayd qilib qoʻyishni unutishgani yoʻq.

Ulugʻbek, xalq koriga yarasam, deydi. Matonat timsoli boʻlgan bu yigit chinakam zamonamiz qahramonidir.

Muhayyo PIRNAFASOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?