Fargʻonada besh yoshli qizchaning oʻlimiga sababchi boʻlgan yigit 11 yilga qamaldi

17:22 14 Sentyabr 2018 Jamiyat
389 0

Joriy yilning fevral oyi boshlarida Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida 5 yoshli qizni yoʻqolishi va keyinchalik vafot etgan holda topilganligi bilan bogʻliq jinoyat ishi barchani junbishga keltirdi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida mazmunan koʻrib chiqilib, 2018 yil 13 sentyabr kuni ayblov hukmi eʼlon qilindi, deb yozmoqda OʻzA.

– Bu holat boʻyicha Fargʻona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan, – deydi jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahar sudi raisi M. Ibragimov. – Sud hayʼati tomonidan ochiq sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakillar, guvohlar, ekspert-mutaxassis va tergovchilarning koʻrsatuvlarini, taraflar muzokarasini, sudlanuvchining muzokara va oxirgi soʻzlarini tinglab, jinoyat ishidagi hujjatlar va dalillar sinchkovlik bilan oʻrganib chiqildi. Sud mazkur jinoyat ishi boʻyicha adolatli hukmini chiqardi.

Sudda aniqlanishicha, Qoʻshtepa tumanida yashovchi 1998 yilda tugʻilgan Akmal Abdurahmonov 2018 yil 5 fevral kuni ertalab yashash xonadonidan velosipedda Oltiariq tumani markazidagi bozorga borgan. U qaytishda “Poloson” mahallasidagi 6-maktabgacha taʼlim muassasasi yonidan oʻtib ketayotib, ushbu muassasadan kuzatuvchisiz chiqib ketayotgan tarbiyalanuvchilar voyaga yetmagan Sh.Gʻofforaliyev, X.Gʻofforaliyeva va K.Gʻofforaliyevani yoniga chaqirib, ularga velosipedda sayr qildirib, doʻkondan shirinliklar olib berishini aytib, aldab, Sh.Gʻofforaliyev va X.Gʻofforaliyevani velosipedining orqa oʻrindigʻiga, K.Gʻofforaliyevani esa velosipedining old qismiga oʻtirgʻizib, ularni oʻgʻirlab ketgan.

Shundan soʻng A.Abdurahmonov oʻgʻirlab ketayotgan Sh.Gʻofforaliyev va X.Gʻofforaliyevani Oltiariq tumani, “Toshxirmon” koʻchasi boʻylab oʻtgan yoʻl chetida qoldirib, K.Gʻofforaliyevani esa oʻzi bilan birga velosipedda Toshkent-Margʻilon-Andijon yoʻnalishidagi temir yoʻlning Oltiariq-Margʻilon qismidan Margʻilon shahri yoʻnalishi tomonga olib borib, voyaga yetmagan, ojiz ahvoldagi K.Gʻafforaliyevani ushbu temir yoʻlning 244 kilometri, 6-piketida uning hayoti va sogʻligʻini xavf ostida qoldirib, shu joyda yolgʻiz oʻzini tashlab ketgan.

Natijada oʻzini oʻzi himoya qilish imkoniyatiga ega boʻlmagan, voyaga yetmagan K.Gʻofforaliyeva tungi vaqtda Qoʻqon-Margʻilon yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan 62-sonli yoʻlovchi poyezdi vagonlarining pastki qismidagi metall qismlariga urilib, hayoti uchun xavfli boʻlgan tan jarohatlari olishi oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Ichki ishlar idoralari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv davomida mazkur jinoyatni sodir etgan A.Abdurahmonov qoʻlga olingan. Tergov harakatlari davomida A.Abdurahmonov voqea kuni boshqarib, jinoyat sodir etishda foydalangan oq-kulrang rangdagi, keyinchalik yashil rangga boʻyab yashash xonadoniga yashirib qoʻygan velosiped, yashash xonadonida boʻlgan yashil rangli sepiladigan kraska uch dona bankalari, voqea sodir boʻlgan kuni uning egnida boʻlgan kulrang-qora rangli kurtka, qora rangli qalpogʻi daliliy ashyo tariqasida olingan. Bundan tashqari, Oltiariq tumani, Hamza nomidagi mahalla hududida joylashgan jome masjidiga oʻrnatilgan video kuzatuv kamerasiga yozilgan videoyozuv bir dona kompakt diskka tushirilib, jinoyat ishiga qoʻshilgan. Bir necha turdagi ekspertizalar xulosalari bilan ham bu jinoyat ishi oʻz isbotini topdi.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi A.Abdurahmonov Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 117-moddasining 2-qismi va 137-moddasi 3-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?