Fargʻonada benzinning narxi oʻn ming soʻmga chiqib ketdi. Savdo faqat naqd pulda amalga oshirilmoqda

18:15 29 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
713 0

Foto: “Xalq soʻzi”.

Maʼlumki, noyabr oyining oxirlarida respublikamiz viloyatlarida metan quyish shoxobchalarida navbatga turgan mashinalar kilometrlarga choʻzilib ketdi. Buni mutasaddilar havo sovishi bilan magistral quvurlarda gaz bosimining tushib ketishi bilan bogʻlasa, ayrimlar tabiiy gaz aholi xonadonlariga berilishi sabab tunda “metan zapravkalari”ning ishlashiga ruxsat berilmayotganligi bilan izohlashmoqda. Haqiqatdan ham vodiy viloyatlarida metan quyish shoxobchalarining tongi 7:00 dan tungi 18:00 gacha ishlashiga ruxsat berilgan deyilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarning aksariyati bugungi kundagi shu holatlardan noroziliklar bilan bogʻliq.

Achinarli holat shundaki, metan quyish shoxobchalarida kuzatilayotgan bu holat bevosita boshqa sohalarga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda.

– Mashinamga bir haftadan buyon “qoʻl”dan bir litr benzinni 10 ming soʻmdan olib quyyapman, — deydi Bagʻdod shaharchasida istiqomat qiluvchi Inomjon Usmonov. — 7 soatlab keladigan metandagi navbatlarga esa vaqt yoʻq. Tirikchilik qolib ketadi. Doʻstimning maslahati bilan kechadan Toshkentga qatnovchi taksichilarga benzin “zakaz” qilyapmiz.

Erta tongdan ishga otlanarkansiz Fargʻonaning tuman va shaharlari yoʻl chetlarida oʻz manzillariga vaqtida yetib bora olmayotgan minglab fuqarolarni, talabalar, oʻquvchilar, oddiy ishchilarni koʻrasiz. Taksilar, avtobuslar, mikro-avtobuslar allaqachon yoʻl kira haqlarini teng barobariga oshirib olgan.

— Rishton — Bagʻdod tumaniga “Damas”lar 1500 soʻm edi. Har kuni oʻqishga qatnayman, — deydi Nilufar Qozoqova. — Bir hafta boʻldi. Yoʻl haqlari 3000 ming soʻmga “chiqib oldi”. Rishton — Fargʻona yoʻnalishida qatnovchi taksilarda yoʻl kira narxi birdaniga 10 ming soʻmdan 20 ming soʻmga oshdi. Odamlar ham boriga shukr qilib, taksi kamligi uchun darrov oʻtirib olishadi. Ayrim mashinasi bor qishloqdoshlarimiz allaqachon ulovlarini garajga olib kirib qoʻygan.

— Fargʻona shahrining Qirguli mavzesiga ketaverishdagi yoqilgʻi quyish shoxobchasi bir oydan beri tumonat odamlar bilan gavjum. Navbatingiz bir yarim ikki soatda keladi, — deydi Fargʻona shahri Beshbola mahalla fuqarolari yigʻinida istiqomat qiluvchi Aliqul ota Safoyev. — Oʻgʻlimning mashinasini minib chiqdim. Oʻzi taksida ishga ketdi. Men ularga yordam boʻlsin, deb benzinga navbatga turibman. Metan quyish navbatiga esa yaramayman. Nima qilardik... Doimgidek sabr qilamizda. Bu kunlar ham oʻtib ketar?!

Yoqilgʻi quyish shoxobchalaridagi navbatda turgan aholi benzin “zapravka”larida terminallarning ishlamayotgani va faqat naqd pulga xizmat koʻrsatilayotganligini aytishmoqda. Bu esa bank kiraverishlaridagi bankomatlarda ham uzundan uzun navbatlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?