Fargʻonada “Banan” operatsiyasi

22:16 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
476 0

Dunyoda har yili oʻrtacha 115 million tonnaga yaqin banan yetishtiriladi va sayyoramizning barcha mamlakatlarida gʻoyatda foydali meva sifatida isteʼmol qilinadi.

Bu borada jahonda Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Braziliya,Ekvador, Filippin singari davlatlar yetakchi va ushbu meva eksporti orqali juda katta daromadga ega boʻladi.

Oʻzbekistonda, xususan, Fargʻona viloyatida keyingi yillarda barcha sitrus mevalar kabi banan yetishtirish boʻyicha ham tajribalar amaliyotda sinovdan oʻtmoqda.

“Banan darvozasi”

Tahlillarning koʻrsatishicha, keyingi ikki yilda Fargʻona viloyatiga chet eldan banan olib kelish salmogʻi sezilarli darajada ortdi. Bu viloyatimizda oʻziga xos yoʻlak, darvoza ochilganidan dalolat beradi.

2019-yilning yanvar-avgust oylarida viloyatimizga 2 ming 362,2 tonna – 971,4 ming dollarlik banan olib kelindi. Eng katta import Ekvador hissasiga toʻgʻri kelib, ushbu mamlakatdan 2 ming tonnadan ziyod meva keltirildi. Shuningdek, Niderlandiya, Rossiya, Turkiya, Qirgʻizistondan (2019-yilning toʻrtinchi choragida Meksikadan ham 120 tonna olib kelingan) mazkur meva viloyatimizga import qilindi.

2020-yilning yanvar-avgust oylarida esa viloyatimizga 5 ming 571,1 tonna – 2 million 272,9 ming dollarlik banan mevasi keltirildi. Pandemiya sharoitida boʻlishiga qaramay atigi bir yilda Fargʻonaga xorijdan banan import qilish hajmi juda katta miqdorda oshdi. Uning asosiy qismi yana Ekvadordan (5 429,7 tonna) olib kelingan boʻlsa, Rossiya (96,8 tonna) va qoʻshni Qirgʻizistondan (44,7 tonna) ham mazkur meva olib kelingan.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Internetdan olingan maʼlumotlarga qaraganda, Rossiyada banan yetishtirilmaydi. Ammo jahon bozoriga eng koʻp mahsulot eksport qiluvchi mamlakatlardan biri boʻlgan Ekvadorda yetishtirilgan ushbu mevaning qariyb 95 foizi Rossiyaga sotiladi. Bundan koʻrinadiki, tadbirkorlarimiz Ekvador bananini birinchi qoʻldan emas, Rossiya bozoridagi vositachilar orqali Fargʻonaga olib kelishayotgani ehtimoldan xoli emas. Boisi jahon bozorida u unchalik qimmat meva hisoblanmaydi. Lekin bizning bozor va savdo doʻkonlarimizda hamisha qimmat narxda sotiladi.

— Ayni paytda Fargʻonada 14 ta tadbirkorlik subyekti yurtimizga chetdan banan olib kelish faoliyati bilan shugʻullanuvchi importyor korxona sifatida roʻyxatga olingan, — deydi viloyat bojxona boshqarmasining tashqi savdo operatsiyalari monitoringi va statistikasi boʻlimi katta inspektori Azizbek Abduxoliqov. — Taʼkidlash oʻrinliki,“Wellex agro”, “Kontinenet Optimal Trade” “Universal Pariners Group”, “Havvo Group” singari korxonalar Fargʻona viloyatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ular mamlakatimizning turli viloyatlarida tadbirkorlik faoliyatini yuritishadi. Ammo bu korxonalarning import operatsiyalari, tovar aylanmasi hajmi viloyatimizda qayd etiladi.

Viloyatda banan shunchalik koʻp isteʼmol qilinadimi?!

Qiziq, joriy yilning yanvar-avgust oylarida viloyatga olib kelingan 5,5 ming tonnadan ortiq bananning hammasi ichki bozor uchunmi yo bu yerda boshqa maqsad koʻzlanganmi?

Oʻrganishlar jarayonida viloyatdagi oʻnlab dehqon bozorlari masʼullari, sotuvchilar, savdo majmualari, supermarketlar egalari bilan suhbatlashdik. Maʼlum boʻlishicha, bozorlar va supermarketlarda yirik miqdorda banan saqlashga ixtisoslashgan omborxonalar yoʻq. Hozirgi kunda tadbirkorlar tomonidan haftada bir-ikki marotaba Toshkentdan yuk mashinasida banan olib kelinib, shahar-tumanlarga tarqatiladi. Qish mavsumida esa olib kelish hajmi bir necha marotaba koʻpayadi.

Fargʻona viloyatida roʻyxatdan oʻtgan importyor korxonalar chetdan kelgan mahsulotni bir muddat poytaxtdagi ixtisoslashgan omborxonalarda saqlab, keyin respublikamiz boʻylab tarqatadi.

Bizning sharoitda banan yetishtirish mumkinmi?

Tabiiy darmondorilarga boy, insonning immunitetini koʻtaruvchi, hamisha xaridorgirligi va boshqa shu kabi noyob xususiyatlari tufayli jahon bozorida qadrli boʻlgan bananni viloyatimizda yetishtirish mumkinmi?

— Tajriba xoʻjaligimizda limon, kivi, mandarin, apelsin, banan singari sitrus mevalarni mahalliy iqlim sharoitimizga moslashtirish uchun ilmiy-amaliy tajribalar keng yoʻlga qoʻyilgan, —deydi Uchkoʻprik tumanidagi “Mehrigiyo” korxonasi ish yurituvchisi Hojiakbar Abdurazzoqov. — Kivi xuddi oʻzimizning uzum singari tabiiy holatda pishyapti. Mehnati ogʻir emas, sovuq ob-havo va turli kasalliklarga chidamli. U bozorlarimizda oʻrtacha 30-35 ming soʻmdan sotiladi.

Ammo yuzlab navlari madaniylashgan banan issiqsevar meva, sovuqqa chidamsiz boʻlgani uchun unga alohida sharoit kerak. Muhtaram Prezidentimiz 2018-yili Andijon viloyatida 2 gektar maydondagi issiqxonada tashkil etilgan banan plantatsiyasini koʻrib, 150-200 tonna hosil olishni koʻzlayotgan mirishkorlar mehnatini olqishlagan edi. Fargʻonada ham issiqxona sharoitida banan yetishtirish imkoniyati juda yuqori. Oltinga teng ona zaminimiz bor. Biz bunday qulay tuproq-iqlim sharoitidan foydalanib, yaqin istiqbolda nafaqat banan yetishtirish, balki eksportini ham yoʻlga qoʻyishimiz zarur.

Fargʻona va Margʻilon shahri, Quva, Fargʻona, Qoʻqon hududi tumanlarida tomorqa mirishkorlari banan yetishtirish boʻyicha hayotiy tajribalarga tayangan holda harakat qilib koʻrishdi. Dastlabki urinishlar u qadar kutilgan natija bermagan boʻlsa ham bizning sharoitda banan yetishtirish mumkinligi isbotlandi. Yaxshi natijaga erishish uchun hayotiy tajriba va ilmiy-innovatsion gʻoyalarni oʻzaro uygʻunlashtirish kerak.

Fargʻonaliklar tom maʼnoda dehqonchilik ilmi mirishkori. Bugungi kunda viloyatda tosh-shagʻal yerlarda ham gidroponika va tomchilatib sugʻorish tizimi asosida, aholi tomorqalarida ixcham issiqxonalarda intensiv usulda uzum, gilos, qulupnay kabi mevalar, poliz va sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish jadal rivojlanyapti.

Xoʻsh, juda katta miqdordagi valyutamizni chetga chiqib ketishiga sabab boʻlayotgan bananni nima uchun Fargʻonaning oʻzida yetishtirish mumkin emas? Bu ish ulkan va doimiy daromad manbai ekan, astoydil harakat qilib koʻrishga arziydi. Nima dedingiz!..

Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?