Fargʻonada 94 ta yangi maktabgacha taʼlim muassasasi ochildi

19:01 01 Iyun 2019 Jamiyat
337 0

Fargʻona viloyatida Xalqaro bolalarni himoya qilish bayramida 94 ta yangi maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi.

Bugungi kunda Fargʻona viloyatida 798 ta davlat maktabgacha taʼlim muassasalari, 237 ta (nodavlat, davlat – xususiy sherikchilik, oilaviy) maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yilda shahar va tumanlarda koʻplab davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish belgilangan. Bayram arafasida 94 ta ana shunday maskanlarga bolajonlar uchun tuhfa qilindi, bu bilan esa 5 mingdan ziyod bolalarni qamrab olish imkoniyati yaratildi.

- Tumanimizda ikki yil oldin 19 ta davlat maktabgacha taʼlim muassasalari mavjud boʻlib, bu qamrovni 17-18 %ini tashkil etgan, - deydi Toshloq tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri Nodiraxon Eminova. – Maktabgacha taʼlimiga boʻlgan eʼtibor samarasida bugungi kunda 26 ta davlat, 35 ta nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari oʻz faoliyatini olib bormoqda, ularga 5 mingdan ziyod tarbiyalanuvchilar qamrab olingan, qamrov koʻrsatkichi 39 foizga yetdi. Bolajonlarimizning bayrami ham tumanimizda keng nishonlandi. “Jajji malika”, “Yosh rassom bolajon”, “Jajji isteʼdod egasi” koʻrik –tanlovi tashkil etildi.

“Furqat” mahalla fuqarolar yigʻinida “Quyoshli yurt farzandlari” nomli nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Yosh tadbirkor Saxovat Boqijonova “Yoshlar -kelajagimiz” jamgʻarmasidan 200 million soʻm kredit olib, mazkur koʻrkam maskanni bunyod etdi. Bu yerda 75 nafar bolajonlarni taʼlim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi, zamonaviy yumshoq mebel hamda oʻyinchoqlar bilan toʻliq taʼminlandi. Endilikda bu maskan tarbiyalanuvchilari ingliz va rus tillarini ham bemalol oʻrganishlari mumkin.

Shuningdek, “Togʻliq”va “Katta koʻcha” mahalla fuqarolar yigʻinida ham “Mir” va “Buratino” nomli oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi ham shu kuni ish boshladi.

Elyor EHSONOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?