Fargʻonada 650 mingdan ortiq zamonaviy elektr hisoblagichlar bepul oʻrnatiladi 

19:20 13 Yanvar 2020 Jamiyat
487 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Elyorjon Ehsonov/Fargʻona. Ayni kunlarda Fargʻona, Qoʻqon, Quvasoy shaharlarida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari oʻz yakuniga yetkazilishi arafasida.

13-yanvardan boshlab esa Fargʻona viloyatining boshqa tumanlarida ham mahalliy ishlab chiqaruvchi — “Toshelektrapparat” MCHJ tomonidan tayyorlangan elektr hisoblagichlarni xonadonlarga oʻrnatish ishlari boshlandi.

— Shu kunga qadar, joylarda 148 mingdan ortiq maishiy va ulgurji isteʼmolchilariga zamonaviy elektr hisoblagichlari oʻrnatildi, — deydi “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ axborot xizmati rahbari Abduvohid Turdiyev. — Taʼkidlash joizki, hisoblash uskunalari isteʼmolchilarga jamiyat mablagʻlari hisobidan bepul oʻrnatib berilayotir. Hozirgi vaqtda realizatsiya qilingan hisoblagichlarni dasturlash ishlari boshlab yuborilgan. Agar hisoblagichlarni oʻrnatib berishda biror anglashilmovchilik yoki tushunmovchiliklar yuzaga kelsa, fuqarolar ishonch telefonlarimiz yoki rasmiy telegram-kanalimiz orqali oʻz murojaatlarini yoʻllashlari mumkin.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 2020-yilda “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan 650 mingdan ortiq zamonaviy elektr hisoblagichlari oʻrnatilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?