Fargʻonada 200 dan ortiq tadbirkorlarning muammolari ijobiy hal etildi

16:37 14 Iyun 2019 Jamiyat
274 0

Illyustrativ foto

Viloyatning barcha hududlarida tadbirkorlik subyektlari uchun ochiq va amaliy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Respublika ishchi guruhiga biriktirilgan rahbarlar, viloyat hokimining oʻrinbosarlari ishbilarmon yurtdoshlarimizni qiynayotgan muammolar bilan yaqindan tanishdilar.

Dastlab Fargʻona shahar hokimligida Margʻilon, Quvasoy shaharlari hamda Fargʻona va Quva tumanlaridagi tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqotlar boʻlib oʻtdi. Unda ishbilarmonlardan tashqari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi. 150 nafardan ortiq tadbirkorlar ochiq muloqotda oʻzlarini qiziqtirgan savollar, turli mazmundagi murojaatlar bilan ishchi guruh vakillariga yuzlandi. Ularning aksariyati amaliyotda koʻplab muammolarga duch kelyapti.Murojaatlarning salmoqli qismi yer ajratish, bino olish, auksion savdolari bilan bogʻliq mashmashalar,bank kreditlarini rasmiylashtirishdagi ortiqcha qogʻozbozlik kabi muammolardan iborat.

– Bizning “Omad Ozod” xususiy korxonamiz tikuvchilikka ixtisoslashtirilgan.. 30 nafar ayollar ish bilan taʼminlangan, – deydi Quva tumanidan tashrif buyurgan tadbirkor Dilfuza Beknazarova. – Bugungi uchrashuvda yer maydonimiz borasidagi muammoni hal etilishi boʻyicha yordam soʻradim. Hududimizdagi umumtaʼlim maktabi bilan ayni shu masalada boʻlayotgan mojaro sabab ancha xunob boʻldik. Daxldor idoralar bilan birgalikda bu muammoga qisqa fursatda yechim topiladigan boʻldi.

Shu kunning oʻzida ishbilarmonlarni oʻylantirayotgan masalalar atroflicha oʻrganildi. Ularni imkon qadar shahar-tumanlar darajasida hal etish chora-tadbirlari koʻrildi.

– Ishbilarmonlarimizning oʻz faoliyati davomida ayrim muammolari mavjudligi bor gap. Buni 2019-yilning birinchi choragida respublikamiz boʻyicha Prezident xalq qabulxonalariga tadbirkorlardan 16 mingta murojaat kelib tushgani ham tasdiqlab turibdi, – deydi Bosh vazirning viloyatdagi tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi mudiri Ibrohim Turgʻunov. – Ushbu yangi tuzilma biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlarning yangi sinfini shakllantirish, investitsiyalar oqimini koʻpaytirishda muhim mexanizmga aylanishi kutilmoqda. Zero, bu qabulxonalar oldiga tadbirkor va investorlarning talab va takliflarini oʻrganish, ularning muammolarini hal etish vazifasi qoʻyilgan.

Bu kabi ochiq muloqotlar Buvayda, Rishton, Soʻx, Yozyovon, Toshloq, Oltiariq tadbirkorlar uchun Bagʻdod va Qoʻshtepa tumanlarida ham tashil etildi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?