Fargʻonada 116 ta kam taʼminlangan va nogironligi bor oilalar yangi uy-joy bilan taʼminlandi

21:36 08 Aprel 2019 Jamiyat
235 0

Fargʻona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 649 nafar oilaning uy-joylari taʼmirlab berildi.

Masalan, Furqat tumani, “Qushchi” mahalla fuqarolari yigʻinidagi Amirobod qishlogʻida yashovchi eshitish va gapirish qobiliyatini yoʻqotgan Moʻydinjon Yoʻldoshevga koʻmak koʻrsatildi. U hamda uning oila aʼzolariga kasaba uyushmasi mablagʻlari hisobidan oʻz hovlisida uy qurib berildi. Xuddi shunday baxtli voqea “Hayyit” mahalla fuqarolari yigʻinida yashovchi Nodiraxon Kenjayeva taqdirida ham yuz berdi.

Xayrli amallarning hayotdagi ifodasini Uchkoʻprik tumanida ham kuzatish mumkin. Tuman markazidagi Shodlik koʻchasi, 39-sonli koʻp qavatli uyda kasaba uyushmalari mablagʻlari evaziga kvartiralar xarid qilinib, kapital remont taʼmirlandi. Ana shunday kvartiralardan biri turmushida ogʻir vaziyatga tushib qolgan Mohiraxon Qoʻchqorovaga nasib etdi.

— Ikkinchi guruh nogironiman, — deydi Mohiraxon Qoʻchqorova. — Turmush oʻrtogʻim va oʻgʻlim bilan 6 yildan buyon ijarada yashab yurardik. Uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha Fargʻona viloyati kasaba uyushmalari kengashi raisi va xotin-qizlar qoʻmitasiga murojaat qilgandim. Murojaatim beeʼtibor qolmadi. Bizga berilgan uyda hamma sharoit muhayyo. Quvonchim juda cheksiz. Mutasaddilardan oilamiz minnatdor.

 

Aholi murojaatlari bilan ishlash samarasi oʻlaroq Toshloq tumani, “Quyiyakkatut” mahalla fuqarolari yigʻinida yashovchi Rajabboy Mirrahimov singari insonlar kasaba uyushmalari koʻmagidan foydalanmoqdalar.

— 6 sotixda 21 jon istiqomat qilardik, — deydi uning turmush oʻrtogʻi Oydinoy Mirrahimova. — Yozning issiq kunlarida, ayniqsa, tor uylarda sharoitlarimiz juda ogʻir boʻlib qolardi. Qishda-ku, oʻzingiz tasavvur qilib olavering. Kasaba uyushmalari mablagʻlari hisobidan berilgan uylarda hamma zamonaviy sharoit mujassam. Biz bundan juda minnatdormiz.

Nogironligi boʻlgan Muyassarxon Mametashayevaning koʻzlarida quvonch yoshlari. Bu vatandoshimiz ham endilikda oʻz uyi — oʻlan toʻshagiga ega boʻldi.

Rishton tumani, “Toʻraobod” mahalla fuqarolari yigʻinidagi bir guruh nogironligi boʻlgan opa-singillarimizga ham kasaba uyushmalari tomonidan yangi uylarning kalitlari tantanali topshirildi. Eshitish va gapirish qobiliyatini yoʻqotgan oltiariqlik Manzuraxon Parpiyeva ham bundan buyon yangi uyida istiqomat qiladi.

— 2018 yil boshidan shu kunga qadar 4080 nafar kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlarga maishiy texnikalar — changyutkich, mikrotoʻlqinli pech, kir yuvish mashinasi, gazplita va gaz ballonlari kabi jihozlar manzilli yetkazib berildi, — deydi Fargʻona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi oʻrinbosari Vahobjon Hoshimov. — 116 ta kam taʼminlangan va nogironligi bor oilalar yangi uy-joy bilan taʼminlandi. 221 nafar kam taʼminlangan oilalar vakillari respublika, viloyat va shahar, tumanlardagi tibbiyot muassasalarida davolanishiga toʻliq koʻmaklashildi.

 

Ehtiyojmand oilalarga yangi uylarning topshirilishi Bogʻdod, Quva, Beshariq tumanlarida ham davom etmoqda.

Elyorjon Ehsonov (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?