Fargʻonada 110 nafar fuqaro noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanayotgani aniqlandi

12:14 17 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
659 0

Fargʻona viloyati davlat soliq idoralari xodimlari tomonidan belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni aniqlash yuzasidan 2018 yil oktyabr oyining birinchi oʻn besh kunligida jami 110 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilib, 918 xil turdagi 336 241,1 ming soʻmlik nooziq ovqat mahsulotlari daliliy ashyo sifatida vaqtincha olib qoʻyildi. Bu haqda “Xalq soʻzi”ga Fargʻona viloyati davlat soliq boshqarmasi xabar berdi.

Xususan, Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi R.Sh. belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan, hech qanday hujjatlarsiz kompyuter oʻyinlarini tashkil etish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlanib, belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi. Daliliy ashyo sifatida 6 xil turdagi 33 700.0 ming soʻmlik tovar moddiy boyliklari vaqtincha saqlash uchun olindi.

Xuddi shunday qonun buzilish holati margʻilonlik tadbirkor U.X.faoliyatida ham kuzatildi. Fuqaroga nisbatan belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, 61 xil turdagi qariyb 17 million soʻmlik tovar moddiy boyliklari daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olindi.

Bundan tashqari, Oltiariq tumanida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor Yu.R.ga qarashli savdo tarmogʻida ham soliq tekshiruvi oʻtkazildi. Unga koʻra, “tadbirkor” faoliyat turiga mos kelmagan holda umumiy qiymati 32,5 million boʻlgan, jami 27 xil turdagi 4444 quti tamaki mahsulotlarini tegishli ruxsatnomalarsiz sotuvga qoʻyganligi aniqlanib, masala qonuniy hal boʻlgunga qadar barcha tovarlar vaqtinchalik olib qoʻyildi va Oltiariq tumanidagi maxsus doʻkonga yuk xati orqali vaqtincha saqlash uchun topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?