“Fargʻonaazot” AJ: “Xalq soʻzi”, senga aytadigan gaplarimiz koʻp...

14:19 04 Noyabr 2019 Jamiyat
86 0

Shiddat bilan davom etayotgan globallashuv jarayonlarida kuchli raqobat sharoiti bosma nashrlar oldiga yangidan yangi talablar qoʻymoqda. Sir emaski, internet nashrlari bu borada eng kuchli raqobatchiga aylangan.

Biroq har qanday zamonda gazeta mazmun-mundarijasi, tarixiy ahamiyati, mutolaa zavqi bilan doimo oʻz oʻquvchilariga ega boʻlgan. Hozir ham shunday.

“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari birlashgan tahririyati ijodiy jamoasi viloyatlar, shahar va tumanlari, korxona-tashkilotlar mehnat jamoalarida gazetxonlar bilan yuzma-yuz muloqotlar uyushtirmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri “Fargʻonaazot” aksionerlik jamiyatida boʻlib oʻtdi.

“Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyati “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi yirik sanoat korxonalaridan biri xisoblanadi.Unda 7 mingdan ortiq ishchi xodimlar mehnat qiladi. Zavod maxsulotlari nafaqat mamlakat qishloq xoʻjaligi ehtiyojlarini qondiradi, balki 20 ga yaqin maxsulotlar bilan yirik eksport amaliyotlarini ham bajaradi.

Samimiy uchrashuv davomida mushtariylarning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari oʻrganilib, gazetaning kelgusi faoliyati uchun ijodiy rejalar tuzildi. Gazeta va gazetxon oʻrtasida samimiy munosabat shakllantirildi.

– Mustaqillik tengdoshi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari mamlakat jurnalistikasi uchun oʻziga xos tajriba va mahorat maktabi sifatida eʼtirof etiladi, –dedi uchrashuvda soʻzga chiqqan bosh muharrir oʻrinbosari Abdurazzoq Karimov. –Ayni kunlarda ijodiy jamoamiz oʻz faoliyatini zamonaviy mezonlar asosida tashkil etishga harakat qilmoqda. Boisi bugungi davr shiddat bilan oʻzgarib, hayotimizda kechayotgan turfa jarayonlar biz jurnalistlardan oʻta faol va sergak boʻlishni taqozo etmoqda. Ijodiy jamoamiz har bir oʻquvchining shaxsiy fikri, nuqtayi nazarini qadrlaydi. Faoliyatimizning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda gazetxonlarimizning qiziqishi inobatga olinadi, albatta.

Jamiyat Nuroniylar kengashi raisi Abdulboqi Oripovning taʼkidlashicha, mamlakatdagi eng yirik gazeta “Xalq soʻzi”ga ishchi xodimlar muntazam va ixtiyoriy ravishda obuna boʻlishadi. Ularning har juma oʻtkaziladigan maʼnaviyat soatlarida chop etilgan tahliliy hamda tanqidiy ruhdagi maqolalar muhokama qilinib, ularga oʻzaro munosabat bildiriladi. Bu esa ishchi xizmatchilarning dunyoqarashi, hayot tarziga albatta ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

–Internet nashrlari, shov-shuvli kanallar oʻz yoʻliga, balki oʻtish davrida bu ham kerakdir, deydi sex boshligʻi Anvar Nabiyev. –Lekin mamlakatimizning ijtimoiy siyosiy hayotidagi turli mavzulardagi yangiliklar, rasmiy xabarlar, toʻgʻriligi tekshirilgan va tasdiqlangan turli maʼlumotlarni biz faqat gazetalardan varaqlaymiz. Buning ustiga mutolaa zavqini xech qanday elektron nashrlar bera olmaydi.

Samimiy, doʻstona, ochiq-oshkora suhbat tarzida oʻtkazilgan uchrashuvda korxona ishchi-xizmatchilari gazetani yanada oʻqimishli va qiziqarli chiqarish borasida oʻz fikrlarini bildirishdi. Viloyatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng yoritish barobarida milliy qadriyat va anʼanalar, odob-axloq, oilaviy munosabatlar, mehr-oqibat,tarixiy ibratli hikoyalar mavzularida ham muntazam ravishda maqolalar chop etib borish tavsiya etildi. Korxonada olib borilayotgan keng koʻlamli yangilanish, modernizatsiya jarayonlari, shu bilan birga, ishchi-xizmatchilar manfaatini himoya qilish, madaniy-maʼrifiy dasturlar, kitobxonlik va gazetxonlikni yuksaltirishga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar mamnuniyat bilan eʼtirof etildi.

Yuzma-yuz muloqot yakunida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga qoʻshayotgan yuksak hissasi uchun “Fargʻonaazot” AJ raisi A. Solijonovga tahririyatning Tashakkurnomasi tantanali ravishda topshirildi.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?