Fargʻona yana bir yirik koʻrgazmaga mezbonlik qilmoqda

17:40 25 Sentyabr 2019 Madaniyat
211 0

Bugun Toshkent Axborot Texnologiyalari Universtiteti Fargʻona filialida “Ictweek Uzbekistan 2019”axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida koʻrgazma ish boshladi.

Koʻzlangan maqsad, axborot texnologiyalari sohasida erishilgan natijalar va amalga oshirilayotgan loyihalarni keng jamoatchilikka namoyish etish va ularni muhokamalardan oʻtkazishdir.

Boʻlib oʻtayotgan koʻrgazmada aloqa uskunalarini ishlab chiqarish, kompyuter oʻyinlarini dasturlash, simli va sunʼiy yoʻldosh orqali aloqa vositalari, mahalliy tarmoqlarni yaratish, veb-dasturiy mahsulotni ishlab chiqarish,elektron tijorat, IT-taʼlim sohasida bolalarni robotexnika va ularni dasturlashga moʻljallangan noyob xizmatlar taqdim etilmoqda.

- Tashkilotimiz 2018-yilda roʻyxatdan oʻtgan va hozirda kompyuter dasturiy taʼminotini ishlab chiqish, shuningdek dasturiy mahsulotlarni sotish va texnik xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadi,-deydi “Intellectual software technology ” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Muhammad Ali Abdazov. – Bizning firma barcha turdagi ulgurji va chakana savdo hamda ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish dasturlarini ishlab chiqarish va oʻrnatish boʻyicha yetakchilardan hisoblanadi. KoʻrgazmadaOʻzbekiston boʻylab, talablarga mos, yuqori sifatli, ishonchli va himoyalangan hamda samaradorligi bilan ajralib turuvchi 40 dan ortiq dasturiy mahsulotlarni taqdim qilyapmiz.

“Ictweek Uzbekistan 2019” haftaligida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi koʻmagida Fargʻona tumanidagi 28- hamda 9-umumtaʼlim maktablariga 10 tadan 20 dona zamonaviy kompyuterlar va printerlar taqdim etildi.Shuningdek, yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulangan sinf xonalarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, “Ictweek Uzbekistan 2019” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasidagi koʻrgazma 27-sentyabr kuniga qadar parallel ravishda Toshkent, Fargʻona shaharlarida davom etadi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi”

.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?