Fargʻona viloyatining maʼmuriy markazida 5 muhim tashabbus doirasida ommaviy sport musobaqalari boʻlib oʻtmoqda

10:19 05 Oktyabr 2019 Jamiyat
274 0

Erta tong. Soat 6:00. Dastlab 5000 metr masofaga ommaviy yurish marafoni oʻtkazildi. Marafonda tumandagi taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalardan 18 yoshdan 75 yoshgacha boʻlgan 30 mingdan ortiq koʻngillilar ishtirok etdi. Ishtirokchilarning 46,6 foizini ayollar tashkil etishi hammaning diqqat markazida boʻldi.

Shifokorlarimiz kasalni davolagandan koʻra, uning profilaktikasi, yaʼni oldini olgan afzal, deya taʼkidlashadi. Eʼtiborli jihati, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Uni deyarli har bir kishi — oʻsmirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishga qodir. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta oʻlim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Shuning uchun mamlakatimizda yuqumli boʻlmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish, davolash va nazorat qilish, kasallanishini kamaytirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yilning 18-dekabridagi “Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasini, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu kabi saʼy-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Ommaviy sport musobaqalari doirasida 400 nafardan ziyod xotin-qizlar va erkaklar ishtirokida 3000 metr masofaga velopoyga, qisqa masofaga yugirish, uzunlikka sakrash musobaqasi ham tashkil etildi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, inson salomatligi 55 foiz holatda sogʻlom turmush tarziga bogʻliq ekan. Demak, sogʻlomlashtirish ishlari va sport bilan hamohang turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan holi, chiroyli va baxtli yashash garovi.

— Hozirgi kunda zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi davrida kamharakatlilik butun dunyoning oʻtkir muammosiga aylangan. Holsizlik, uyquning buzilishi, diqqat-eʼtiborni jamlashning sekinlashishi, sababsiz charchash, ortiqcha vazn — bu kabi belgilar har bir kishida uchraydi, —deydi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Raʼno Boyqoʻziyeva. — Biz ham 200 nafarga yaqin xodimlarimiz bilan birgalikda yurish marafonida ishtirok etyapmiz. Chunki 19 tuman va shaharlarimizdagi davlat xizmatlari markazlarida ham mutaxassislarimiz, asosan, kompyuter va aholi bilan muomala qilishadi. Bu esa kunning asosiy qismini ish stoli atrofida oʻtirib oʻtkazadi, deganidir. Bugungi dam olish hamda ommaviy sport bayrami kunidan unumli foydalanib markazlarimiz oʻrtasida futbol musobaqasi, shaxmat, shashka oʻyinlarini tashkilladik. Bu esa xodimlarimiz va mutaxassislarimizning yangi haftada boshlanadigan ish kunida ularga tetiklik, yuqori kayfiyat,salomatlik bagʻishlashidan umidvormiz.

Viloyat boʻylab 5 tashabbus doirasida ana shunday ommaviy sport musobaqalari, madaniyat va sanʼat festivallari davom etmoqda.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?