Fargʻona viloyati hokimi tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazdi

18:26 21 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
763 0

Mazkur seminar soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi mazmun-mohiyatini yana bir bor tadbirkorlarga yetkazish, ular bilan fikr almashish maqsadida Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi tomonidan tashkil etildi. Bu haqda Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Tadbirni ochib bergan Shuhrat Gʻaniyev 1990 yillardagi oʻzining tadbirkorlik faoliyati bilan oʻrtoqlashib, u paytlardagi tadbirkorlik muhiti bilan bugungi kundagisini yer-u, osmoncha farqi borligini, yangi loyihalar yaratayotganga darvozalar keng ochilayotganligini taʼkidladi. Shuningdek, viloyatda tadbirkorlarni gazeta va jurnallarga majburiy obuna qilinishiga yoʻl qoʻyilmayotganligini, agar u oʻqimishli bosma nashr boʻlsa, gazetxon uni oʻzi topib oʻqishini alohida qayd etdi.

Bundan tashqari, ayni paytda tadbirkorlik bilan shugʻullanish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish davr talabi ekanligi, viloyat hokimi hatto oʻzi ham uzum eksporti bilan shugʻullanishini haqida oʻrtoqlashdi. Shu bilan birga, viloyatda kuni kelib yillik tovar aylanmasi 20-30 million AQSH dollari boʻlgan tadbirkorlar soni ortishiga ishonchi komilligini taʼkidladi.

Tadbirda maʼruzachilar tomonidan soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga asosan Fargʻona viloyatida faoliyat yuritayotgan yuridik va jismoniy shaxslar hayotida bir qator ijobiy oʻzgarishlar boʻlishi kutilayotgani aytib oʻtildi:

a) davlat maqsadli jamgʻarmalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan 3,2 foizli majburiy ajratmalarni bekor qilinishi natijasida viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning ixtiyorida qoladigan foyda 115,7 mlrd. soʻmni tashkil etishi;

b) yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasi 14 foizdan 12 foizga (tijorat banklari uchun 22 foizdan dan 20 foizga) pasaytirilishi natijasida yuridik shaxslarining sof foydasi 4,0 mlrd. soʻmga oshishi;

s) 8 foizli sugʻurta badalining bekor qilinishi natijasi viloyat fuqarolarining ixtiyorida 371,6 mrld. soʻm mablagʻ qolishi;

ye) dividendlar va foizlar koʻrinishidagi daromadlar boʻyicha toʻlov manbasidan ushlab qolinadigan foyda soligʻi stavkasi 10 foizdan 5 foizga pasaytirilmoqda, natijada, tadbirkorlarning real daromadlari viloyat boʻyicha 7,7 mrld. soʻmga oshishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?