Fargʻona viloyati hokimi ogohlantirildi va unga uch oy muddat berildi. Sh.Gʻaniyevning oʻzi kechirim soʻradi(Video)

15:43 30 Sentyabr 2019 Jamiyat
2021 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

2019-yilning 30-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglament va odob komissiyasi kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Kun tartibida Fargʻona viloyati hokimi, senator Shuhrat Gʻaniyevning senatorlik faoliyati toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Soʻzga chiqqan senatorlar Maqsuda Varisova, Gavhar Alimova, Tolibjon Madumarov, Iqboljon Mirzaaliyev taʼkidlanganlaridek, Fargʻona viloyati hokimi, senator Sh. Gʻaniyev mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari va faollari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga putur yetkazadigan, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan iboralardan foydalanganligi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasida deputat, senator odob qoidalariga qatʼiy rioya etishi lozimligi belgilangan.

Senatning 2017-yil 28-martdagi SQ-154–III-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Senat aʼzolarining odobi qoidalariga koʻra senator oʻz faoliyatida jamiyatda umumiy qabul qilingan axloq-odob prinsiplariga qatʼiy rioya etishi, fuqarolarning, mansabdor shaxslarning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi, shuningdek senator nomiga dogʻ tushiradigan xatti-harakatlardan oʻzini tiyishi lozim.

Senator yuqorida koʻrsatilgan odob qoidalariga amal qilmagan hollarda uning faoliyati Senatning Reglament va odob komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilishi hamda zarur hollarda tegishli choralar koʻrilishi nazarda tutilgan.

Yuqoridagi talablardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglament va odob komissiyasi Fargʻona viloyati hokimi, senator Shuhrat Gʻaniyevga nisbatan uch oylik sinov muddati bilan birga qatʼiy ogohlantirish chorasini belgiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?