Fargʻona viloyati hokimi ayrim hokimlarning xodimlarga qoʻpol munosabati haqidagi savolga javob berdi

14:03 08 Yanvar 2019 Siyosat
621 0

Arxiv foto

Zamonaviy rahbar va hokimlar qanday boʻlishi kerak, nima uchun bugun ayrim hokimlar xodimlari bilan qoʻpol muomalada boʻlmoqda? OʻzA “Bir savolga bir javob” loyihasi orqali mazkur savollarga javob oldi. Loyihaning mehmoni Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev boʻldi.

— Baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda viloyatda hokimlar qoʻl ostidagi xodimlarga qoʻpol munosabatda boʻlayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Sizning nazaringizda, bugungi rahbar, hokim qanday boʻlishi kerak?

— Oʻzbekistonda keyingi ikki yilda amalga oshirilayotgan islohotlar bugun dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilib, barchamizning zimmamizga katta masʼuliyat yuklamoqda. Davlat rahbari taʼkidlaganidek, tanqidiy tahlil, qatʼiy intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi boʻlib qolishi kerak.

“Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ezgu tamoyil asosida olib borilayotgan ishlar natijasida davlat organlari va xalq oʻrtasida ishonch ortib, inson manfaati, qadr-qimmati yanada ardoqlandi.

Agar biz dunyo halqlari bilan teng hamkorlikda, hech kimdan kam boʻlmay turmush kechirishni, farzandlar kamolini koʻrishni istasak, barcha birgalikda harakat qilishi, ezgu niyatlarimiz yoʻlidagi kamchilik va toʻsiqlarni bartaraf etishga birga kurashishimiz lozim. Erisholmagan yutuqlarimiz va boy berilgan imkoniyatlar uchun kimnidir aybdor qilish emas, aksincha bunga masʼul boʻlgan rahbarning, hokimning atrofiga jipslashishimiz shu vazifalarni bajarishga oʻz hissamizni qoʻshishimiz muhimdir.

Shu oʻrinda hokimlar ham bir narsani chuqur anglab olishlari lozim, qayerda bunyodkorlik ishlari olib borilsa, xalqning ruhi koʻtariladi, ertangi kunga ishonchi ortadi. Qayerda tadbirkorlik muhiti yaxshilansa, tadbirkorlarning boshi qovushtirilib faoliyatlari rivoji koʻmak berilsa, investitsion muhit yaxshilansa, investitsiya jalb qilinsa, oʻsha hudud iqtisodi rivoj topadi va yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish imkoni boʻladi.

Bugun hudud hokimi har qachongidan koʻra koʻproq izlanadigan, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanadigan, eng samarali yangilik va tashabbuslar qila olishi lozim. Shiddat bilan oʻtayotgan vaqt, raqobatlar kuchayotgan muhit, insonlar ehtiyoji oʻsib borayotgan jarayonda shunchaki hisobotlar bilan ish yuritib boʻlmaydi. Aholi bugun amaliy natijalarni koʻrishni xohlaydi.

Toʻgʻri, baʼzan ijtimoiy tarmoqlarda rahbarlarning xodimlarga qoʻpol munosabatda boʻlganligi haqida xabarlar ham tarqalib qoladi. Bu voqelikka hech kim befarq emasligidan, jamoatchilik nazoratining kuchayib borayotganidan dalolatdir. Toʻgʻri, rahbar ham inson, u ham xato qilishi mumkin, ammo u hech qachon qoʻl ostidagilarni tahqirlashga qonunan ham, maʼnan ham haqli emas.

Bugungi rahbar yuksak bilimli, maʼnaviyatli, katta hayotiy tajribaga ega, izlanuvchan, mustaqil fikrlay oladigan, masʼuliyatli va fidoiy boʻlib, mamlakati ravnaqi uchun butun kuch-gʻayratini sarf etishi shart. Oʻzining yurish-turishi, gap-soʻzi, muomala-madaniyati bilan barchaga ibrat boʻlishi lozim. Har qaysi rahbar — u hokimmi korxona, tashkilot rahbari boʻladimi bu lavozimni unga berilgan sinov deb bilishi, oʻzidan yaxshi nom va yaxshi iz qoldirishga, farzandlariga oʻrnak boʻlishga berilgan imkoniyat deb bilishi lozim.Rahbar talabchan boʻlish bilan birga, mudom xalq dardi, odamlar tashvishi bilan yashamas ekan, ularni ichiga kira olmaydi, islohotlarning ijrosini hech qachon taʼminlay olmaydi.

Ayrim hollarda hokimlarning qoʻl ostidagi xodimlarga qattiq talablar qoʻyishi uchrab turadi. Biroq rahbarda qatʼiyatlik, talabchanlik yetishmasa, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida amalga oshira olmaydi. Hech bir hokim koʻngilxushlik uchun ovozini baland koʻtarib gapirmaydi.

Shu oʻrinda afsus bilan taʼkidlash lozimki, ayrim xodimlarda hali ham eski usulda faqat yuqorining topshirigʻini kutib, hisobotdan-hisobotgacha ishlash, kunlik mayda ishlar bilan oʻralashib yurish hollari uchraydi. Axir hududlarni kompleks rivojlantirish, pirovardida, xalqni rozi qilishda har bir soha, har bir xodimning oʻz oʻrni va hissasi boʻlishi kerak. Har birimiz huquqlarimiz bilan birga burch va maʼsuliyatimizni unutmasligimiz lozim. Bugun oldimizda juda ulkan vazifalar, yuksak marralar turibdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?