Fargʻona shahrida Ishsiz va band boʻlmagan fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish markazi ochiladi

15:39 03 Avgust 2019 Jamiyat
184 0

Kecha Fargʻona shahrida Ishsiz va band boʻlmagan fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish markazining tamal toshini qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muxitdinov, Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon, KOICAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Son Song Il hamda shahar faollari va aholi vakillari ishtirok etdi.

Fargʻona shahar Kasb-hunarga oʻqitish markazini tashkil etish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-apreldagi 199-son Qarori hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha 2018-2022-yillarga moʻljallangan boʻlib, markazda bir vaqtning oʻzida 240 nafar oʻquvchi axborot texnologiyalari, elektr va elektronika, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, tikuvchilik, kosmetologiya singari besh yoʻnalish boʻyicha kasbiy taʼlim olish imkoniga ega boʻladi.

Marosim avvalida E.Muxitdinov taʼlim tizimini isloh qilish borasida Oʻzbekiston Respublikasini qoʻllab-quvvatlayotgani uchun Koreya xalqaro hamkorlik agentligiga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan bu kabi loyihalari kasbiy taʼlim sifatini oshirishga yordam berishini taʼkidlab oʻtdi.

Oʻz navbatida, Koreya elchisi Kan Chje Kvon KOICA rivojlanish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan oʻzaro hamkorlik loyihalari ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlovchi muhim omil boʻlib qolishini qayd etdi.

Fargʻona shahar Kasb-hunarga oʻqitish markazi bu yoʻnalishda KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan toʻrtinchi loyiha hisoblanadi. Bugungi kunda Toshkent (2012), Shahrisabz (2016), Samarqand (2018) shaharlarida bu kabi kasb-hunarga oʻqitish markazlari faol ishlab kelmoqda. Ularda bugungi kungacha jami 8000 nafar oʻquvchi turli yoʻnalishlar boʻyicha kasblarni egallashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?