Fargʻona shahrida 40 milliard 356 million soʻmlik sport majmuasi foydalanishga topshirildi

10:34 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
441 0

Ikki yil davomida qurib bitkazilgan ushbu yangi sport koshonasida yakka kurashlar turlariga ixtisoslashtirilgan 4 ta zal va 4 ming oʻrinli katta arena barpo etilgan. Endilikda bu yerda oʻgʻil-qizlar kurash, gimnastika, boks, milliy kurash, karate, dzyudo, sambo kabi 20 ga yaqin sport toʻgaraklarida faol shugʻullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib qoʻyildi.

Majmuaning ochilishi munosabati bilan uyushtirilgan tantanali marosimda rasmiylar, viloyat faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Soʻzga chiqqan viloyat hokimligi rasmiylari 2019-2023-yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi bugungidek yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar uchun muhim ahamiyat kasb etayotganini eʼtirof etdilar.

Yangi majmuaning ramziy kalitini Fargʻona shahar jismoniy tarbiya va sport boʻlimi vakillari olqishlar bilan qabul qilib oldi. Sport majmuasini bunyod etishga kamarbasta boʻlgan “426-xoʻjaliklararo ixtisoslashgan koʻchma mexanizatsiyalashgan kolonna” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbariyati hamda bir guruh quruvchi va muhandislari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Nuroniylar vakillari hamda boks boʻyicha milliy terma jamoamiz aʼzosi, jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov ham tadbir ishtirokchilarini samimiy tabrikladi.

– Sogʻlom bola sogʻlom inson boʻlib voyaga yetadi. Ruhi tetik, tani baquvvat, fikri tiniq boʻladi, –deydi Fargʻona shahar jismoniy tarbiya va sport boʻlimi boshligʻi Murodjon Dadaboyev. – Hududimizda mana shunday koʻrkam sport saroyining bunyod etilgani, ayniqsa, ota-onalarni quvontirib yubordi. Bunday gʻamxoʻrlik tinimsiz mehnat va dadil intilishlarga undaydi. Ishonamizki, shunday muhtasham sport maskanimizdan ham Olimpiada chempionlari, dunyoni lol qoldirishga qodir avlod vakillari yetishib chiqadi.

Elyorjon EHSONOV,
|“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?