Fargʻona politexnika institutida koʻchma avtonom svetofor ixtiro qilindi

13:40 21 May 2020 Jamiyat
590 0

Favqulodda holatlarda shahar markazlarida chiroq oʻchib qoladigan boʻlsa, svetoforlarsiz tirbandliklar va noqulay holatlar yuzaga kelish ehtimoli yuqori. 

Bir nechta tartibsizliklarga guvoh boʻlgan Fargʻona politexnika instituti talabalari aqlli svetoforni kashf qilishib muammoga yechim topishdi.

Mobil, fotoelektrik avtonom svetofor shahar va qishloqlarning qarama qarshi yoʻnalishda transport harakati qoʻyilgan yoʻllarida taʼmirlash ishlarini bajarish, maxsus tadbirlar oʻtkazish, piyodalar oʻtish xavfsizligini taʼminlash va boshqa ishlarni bajarishda transport harakatini vaqtinchalik tartibga solishga moʻljallangan.

Mobil svetofor quyosh paneli, akkumulyator, optik svetodiodli svetofor va tizimni boshqarish va nazorat qilish elektron bloklaridan iborat.Bularning barchasi harakatlanuvchi aravachaga oʻrnatilgan. Elektr energiya manbai boʻlgan 50 Vt.li quyosh fotoelektrik paneli, kuchlanish 12V va tok kuchi 70 A/soatli akkumulyator orqali svetoforni tunu kun bardavom ishlashini taʼminlaydi. Svetofor qizil va yashil yonuvchi ikki seksiyadan iborat 8 ta yoritish chiroqlaridan iborat.

Yaratilgan koʻchma svetofor quyosh panellari yordamida oʻzini oʻzi bemalol taʼminlay oladi.Quyoshsiz holatda ham akkumulyatorlar orqali 14 soatgacha ishlashi mumkin. Konstruksiyalashda asosiy eʼtibor energiya tejamkor, avtonom ishlovchi, mobil, yaʼni bir joydan boshqa joyga qoʻshimcha xarajatsiz koʻchirish imkoniyatini beruvchi, ish rejimi yashil, qizil chiroqlarni almashinuv intervali tez sozlanuvchi svetofor yaratishga qaratilgan.

— Bizni tashvishga solayotgan narsa bu katta yoʻl yoqasidagi svetoforsiz taʼlim muassasalari, — deydi talaba Dilxush Abdumutalov. — Katta yoʻl atrofida joylashgan muassasalarda piyodalarning harakati xavfsizligini taʼminlash uchun har kuni YHXB inspektori yoki taʼlim muassasasi xodimi navbatchilik qilmoqda. Bizning asosiy vazifamiz shu vaziyatga optimal yechim topishdan iborat. Yaʼni biz kashf qilgan svetoforni olib yurish va har kuni qayta oʻrnatish mumkin.

Xorijda ishlab chiqarilayotgan svetoforlarning narxi mamlakatimizga olib kelish xarajatlari bilan oʻrtacha 1000 AQSH dollariga toʻgʻri keladi. Respublikamizda esa svetoforlarga talab juda yuqori. Masalan, faqat umumtaʼlim maktablari uchun 10 mingdan ortiq bunday qurilmalarga ehtiyoj bor. Taklif etilayotgan import oʻrnini bosuvchi mobil, fotoelektrik, avtonom svetoforni tayyorlanish tan narxi esa xorijda ishlab chiqarilgan svetofor narxiga nisbatan 55 foiz arzon. Uning ustiga, mamlakatga olib kirish xarajatlari ham yoʻq.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, buyurtmachilarning talabi va hududlarning sharoitlaridan kelib chiqqan holda svetoforning konstruksiyasi,funksiyasi,chiroqlarning yonish vaqtlari va intervallarini oʻzgartirish yoki masofadan boshqarish tizimiga oʻtkazish mumkin.

Elyorjon EHSONOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?