Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida yangi davr boshlandi

05:56 24 Iyul 2019 Siyosat
946 0

Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish investitsion loyihasini amalga oshirish doirasida chet ellik sheriklar tomonidan neft yetkazib berish boshlandi. Shu tariqa hududning eng yirik korxonasi faoliyatida yangi davrga debocha qoʻyildi.

Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini tiklash tashabbuskori Shavkat Mirziyoyevdir. Joriy yil 10-aprel kuni Prezidentimizning “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori qabul qilindi. Unda Fargʻona neftni qayta ishlash zavodidagi davlat ulushini xorijiy sarmoyador – “Transasia Resources” (Indoneziya) kompaniyasiga sotish belgilangan.

Davlatimiz rahbari 2019-yilning may oyida korxonaga tashrif buyurgan, vaziyat bilan tanishib, sarmoyador bilan birgalikda zavodning quvvatlarini modernizatsiya qilish boʻyicha birinchi navbatdagi tadbir va vazifalarni belgilab bergan edi.

Shunga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etgan holda zavodning quvvatlarini ishga tushirish va uni modernizatsiya qilish dasturini ishlab chiqish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan maxsus qaror qabul qilindi. Unda Yevro-4 va Yevro-5 standartlariga javob beradigan benzin va dizel yoqilgʻisi hamda API standartlari boʻyicha II va III guruhdagi yuqori sifatli avtomobil moyi ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

Hozirgi kunda sarmoyadorning saʼy-harakatlari bilan ishga tushirilmagan quvvatlarni ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilish boshlandi. Xususan, toʻrtta qurilma qaytadan ishga tushirildi. Zavodning eng katta muammosi – neft xomashyosining taqchilligi hal etildi. Bu mahsulot ishlab chiqarishning muttasil kamayishiga sabab boʻlib kelayotgan edi.

Ilgari zavod oyiga oʻrtacha 60-65 ming tonna neftni qayta ishlagan boʻlsa, endi bu koʻrsatkich bosqichma-bosqich uch barobargacha oshiriladi. Kelgusida esa qayta ishlash hajmini 4-5 barobargacha koʻtarish maqsad qilib qoʻyilgan. Buning natijasida hozirgacha 192 mutaxassis oʻz ish oʻrniga qaytdi, ularning soni 400 ga yetkaziladi.

Zavodning quvvatlarini ishga tushirish va mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish mahalliy byudjetga qoʻshimcha ravishda salmoqli soliq tushumlarini taʼminlaydi, bu esa hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini uch bosqichda modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Litsenziya egalari safiga AQSHning Honeywell UOP, Fransiyaning Axens, Daniyaning Haldor Topsoe va dunyodagi neftni qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi boshqa yetakchi kompaniyalar kiradi.

Loyihani amalga oshirish uchun sarmoyador tomonidan GS kompaniyasi (Janubiy Koreya) mutaxassislari jalb qilinib, ular zavodni texnik koʻrikdan oʻtkazdi. Toʻplangan maʼlumotlardan korxonani modernizatsiya qilish loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

Birinchi bosqichda Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi mahalliy bozor uchun ishlaydi, istiqbolda esa yuqori sifatli xaridorgir neft mahsulotlarini Tojikiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston kabi qoʻshni davlatlarga yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Masalan, Savdo-iqtisodiyhamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Afgʻoniston hukumatlararo komissiyasining 17-iyul kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan birinchi majlisi doirasida “Transasia Resources” kompaniyasi bilan Afgʻonistonga 1 million tonna neft mahsulotlari yetkazib berish toʻgʻrisida bitim imzolangan.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?