Fargʻona garnizonida “Sharaf lentasi” tarqatildi

10:58 01 May 2019 Jamiyat
472 0

Fargʻona shahrida Ikkinchi jahon urushida matonat koʻrsatgan hamyurtlarga ehtirom ramzi sifatida “Sharaf lentasi”ni ulashish aksiyasi oʻtkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Fargʻona garnizoni harbiy xizmatchilari va viloyat Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda lentalar dastlab “Al-Fargʻoniy” nomidagi istirohat bogʻida va shahar markaziy dehqon bozorida tarqatildi.

Harbiy okrug Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan musiqa sadolari milliy bayrogʻimiz ramzi tushirilgan “Sharaf lentasi”ni aholi vakillariga ulashildi. Taʼkidlash kerakki, mazkur aksiya butun mamlakat boʻylab keng oʻtkazilib kelinmoqda.

“Sharaf lentasi”ni aholi vakillariga ulashish Qoʻqon shahridagi koʻngilochar savdo markazi hamda 12-sonli Mehribonlik uyida ham oʻtkazildi.

Bu kabi tadbirlar poytaxtimizda ham keng oʻtkazilmoqda. Kecha, 30 aprel kuni Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining bir guruh kursant-faollari Toshkent shahridagi Xalqlar doʻstligi maydoni va Amir Temur xiyobonida “Sharaf” ramzi boʻlgan lentalarni poytaxt aholisi va mehmonlariga ulashdi. Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy orkestri ijro etgan kuy va qoʻshiqlar esa yigʻilganlarda shukronalik tuygʻularini joʻshqinlantirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?