Faollar yigʻilishidan soʻng Prezident ijtimoiy obyektlar va yangi loyihalar bilan tanishdi

20:26 01 Mart 2019 Siyosat
338 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga oid qarorlari natijasida joylarda zamonaviy tibbiy muassasalar ishga tushirilmoqda. Namangan shahridagi “ANAMED” xususiy diagnostika markazi ana shunday subyektlardan biridir.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu diagnostika markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Neyrojarrohlik, nevrologiya, kardiologiya, urologiyaga ixtisoslashtirilgan ushbu markaz “General Yelectric”, “Siyemens” va boshqa kompaniyalarning ilgʻor diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Malakali kadrlar jamoasi shakllantirilgan. Bu borada Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiyadagi yetakchi diagnostika markazlari bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Bir guruh shifokorlar ushbu mamlakatlarda malaka oshirib qaytgan. Hindiston va Rossiyadan tajribali shifokorlar ishga jalb etilgan.

Hozir bu yerda oʻttizdan ortiq kishi ishlaydi. Shu oyda statsionar va fizioterapiya boʻlimlari foydalanishga topshirilishi bilan yana ellikdan ziyod yangi ish joyi yaratiladi. 

Davlatimiz rahbari kasalliklarni davolagandan koʻra, ularning oldini olish zarurligini, toʻgʻri tashxis qoʻyish va kasalliklarni erta aniqlash uchun bunday diagnostika markazlari muhimligini taʼkidladi.

Shu yerda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Namangan viloyati axborot-kutubxona markazini modernizatsiya qilish va kitobxonlik madaniyatini oshirish konsepsiyasi taqdimoti oʻtkazildi. Unga muvofiq, viloyatda yana 50 ta mahallada kutubxona, 12 ta zamonaviy koʻchma kitob doʻkonlari barpo etish, 4 ta “Bibliobus” faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

 

Shavkat Mirziyoyev aholiga kitoblarni qulay tarzda yetkazib berish, Namanganda yashab oʻtgan atoqli alloma va adiblarning asarlarini nashr etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Prezident Namangan shahrining Yuksalish mahallasi hududida barpo etilayotgan koʻp qavatli uylar va hududni rivojlantirishga oid loyihalar bilan tanishdi.

Yuksalish mahallasi keyingi ikki yilda bunyodkorlik maydoniga aylandi. 2018 yilda bu yerda 588 xonadondan iborat 7 qavatli 14 ta arzon uy-joy qurib, foydalanishga topshirildi.

Joriy yil oxirigacha turarjoylar yana 14 taga koʻpayib, xonadonlar soni 1 ming 176 taga yetkaziladi. Uylar bilan birga infratuzilmalar bunyod etiladi, atrof obodonlashtiriladi.

Shavkat Mirziyoyev uy-joylarni sifatli qurish bilan birga ularga xizmat koʻrsatish darajasini ham oshirish zarurligini taʼkidladi.

Mahalla yonida 80 gektarlik kichik sanoat zonasi tashkil etilishi, bu yerda 7 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Hyundai” avtomobil zavodi ham shu hududda barpo etiladi. Ham hudud, ham ishlab chiqarish salohiyati ortishi hisobiga Yuksalish mahallasi yuqori texnologik rivojlangan shaharchaga aylanadi. Odamlar shu hududdagi kichik sanoat zonasi va yirik korxonalarda ishlaydi.

Davlatimiz rahbari Namangan shahrini zamonaviy shaharsozlik meʼyorlari asosida yanada obod qilish, aholiga qulay sharoit yaratish boʻyicha rejalar, A. Xoʻjayev koʻchasidagi boʻsh turgan bino oʻrnida “IT-park” tashkil etish loyihasi bilan tanishdi.

Prezidentimiz shahar markazida barpo etilayotgan “Afsonalar vodiysi” bogʻi qurilishi bilan ham tanishdi. Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki jahonda oʻxshashi kam boʻladigan mazkur bogʻ viloyatning tashrif qogʻoziga aylanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga joʻnab ketdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?