Faol sa’y-harakatlar va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi

15:08 19 May 2018 Siyosat
419 0
Foto: president.uz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi hamda uning doirasida bo‘lib o‘tgan turli darajadagi uchrashuvlar nafaqat mamlakatimiz ahli, balki dunyo hamjamiyati tomonidan ham tarixiy voqelik sifatida e’tirof etilmoqda. Ushbu tashrif jahonning eng nufuzli ommaviy axborot vositalari tomonidan keng va atroflicha yoritilgani fikrimizga yorqin misol bo‘la oladi.

Foto: president.uz

Aeroportdayoq davlatimiz rahbari hamda uning rafiqasini amerikalik yoshlar o‘zbekcha salom va xush kalom bilan kutib olishgani, Vashington ko‘chalarida yurtimiz delegatsiyasini ikki mamlakat bayroqlarini ko‘targan fuqarolar olqishlab turgani ham mazkur tashrifga Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan katta tayyorgarlik ko‘rilganidan dalolat beradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oq uyda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan o‘tkazgan samimiy muloqotini xalqimiz oynai jahonda katta hayajon hamda faxr-iftixor bilan kuzatib turdi.

O‘zaro ishonch va hurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish ruhida o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston hamda AQSh o‘rtasida turli sohalarda, jumladan, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik kengayayotgani alohida ta’kidlandi. Ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida 4,8 milliard dollarlik yangi shartnomalar imzolangani e’tirof etib o‘tildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil bo‘ldi. Ular o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi 2017 yil may oyida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tgan arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti, shuningdek, 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasidagi uchrashuvlar bilan chambarchas bog‘liq. O‘shanda davlat rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mavjud aloqalar va istiqboldagi rejalar xususida suhbatlashgan edilar.

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosati hamda faol sa’y-harakatlarini har doim qo‘llab-quvvatlab kelgan. Davlatimizning bu boradagi izchil islohotlari va tashabbuslari Donald Tramp tomonidan alohida e’tirof etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga rasmiy tashrifi munosabati bilan “Villard interkontinental” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Unda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyasi a’zolari, vazirlik hamda kompaniyalar rahbarlari, biznes va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etgani ham uchrashuvning ahamiyati beqiyos bo‘lganidan dalolat beradi.
Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tarixini chuqur o‘rganib, butun dunyoda keng targ‘ib qilayotgan Frederik Starr hamda barcha amerikalik olimlarga tashakkur bildirgani AQShdagi ziyolilarga mamnuniyat bag‘ishladi. Shuningdek, ko‘p yillik samarali ijodi, o‘zbek maqom san’atini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakovga “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni berilgani ham xalqimizning san’atsevarlik va bag‘rikenglik fazilatlarini amalda namoyon qildi.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Elis Uells hamda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tomonidan Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida ikkita kelishuv imzolangani tashrifning yana bir ahamiyatli jihatlaridan, deyish mumkin. Birinchi Anglashuv memorandumi AQSh universitetlari hamda Markaziy Osiyodagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bo‘lib, uning asosida O‘zbekistonda uch yillik hamkorlikni nazarda tutuvchi dastur boshlanadi.

Ikkinchi Anglashuv memorandumi esa O‘zbekiston bo‘ylab ingliz tili dasturlarining moliyalashtirilishini kengaytirishga qaratilgan. U universitet talabalari, jurnalistlar va boshqa mutaxassislarni o‘qitish, ingliz tili o‘qituvchilari salohiyatini oshirish hamda o‘qituvchi va talabalar uchun onlayn ta’lim imkoniyatlarini yaratadi. Bu kelishuvlar mamlakatimiz ahli, ayniqsa, ta’lim tizimi xodimlari hamda yoshlarga katta imkoniyat yaratadi.

O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun jahonda tinchlik va xotirjamlik hukm surishini, xalqlar hamda elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik, hamkorlik rishtalari mustahkam bo‘lishini istaydi va o‘zining oqilona siyosatida ushbu g‘oyalarni ilgari suradi. Davlatimiz rahbarining AQShga tashrifi doirasidagi uchrashuvlarda ham ana shunday o‘zbekona samimiyat hamda bag‘rikenglik sezilib turdi. Bu samimiyat dunyo hamjamiyati, AQSh siyosatchilarining e’tirofi va olqishiga sazovor bo‘lgani qalbimizga cheksiz iftixor bag‘ishlaydi.

Bahrom OBIDJONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?