“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida eng koʻp muhokamaga sabab boʻlayotgan bandlar TOP-uchligi

11:24 10 Yanvar 2019 Siyosat
1193 0

Foto: “Taraqqiyot strategiyasi“ markazi

3 yanvar kuni “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi loyihasi fuqarolar bilan maslahatlashgan holda yanada takomillashtirish maqsadida jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etildi.

Hujjat loyihasi 253 ta banddan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 28 dekabr kuni Parlamentga taqdim etgan murojaatnomasida belgilab berilgan asosiy gʻoya va takliflari hamda 2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarni inobatga olgan holda ishlab chiqildi.

Muhokamalarning bugungi kun holatiga koʻra, 2019.strategy.uz veb-saytiga jami 1600 dan ziyod, regulation.gov.uz portaliga esa 220 ga yaqin takliflar qabul qilindi.

Fuqarolar koʻproq Harakatlar strategiyasining Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish yoʻnalishida belgilangan vazifalarga qiziqish bildirilmoqda (523 ta), keyingi oʻrinlarda Ijtimoiy sohani rivojlantirish (463 ta) hamda Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etish yoʻnalishida(325 ta) takliflar kelib tushgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi maʼlumotiga koʻra, eng koʻp muhokamaga sabab boʻlayotgan bandlar quyidagilardir:

  • 1-oʻrinda 4-band (71 ta taklif)
  • Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini yaratish.
  • 2-oʻrinda 1-band (61 ta taklif)
  • Oliy Majlis palatalarining norma ijodkorligi va parlament nazorati yoʻnalishidagi faoliyatini kuchaytirish va samaradorligini oshirish.
  • 3-oʻrinda 2-band (44 ta taklif)

Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini Oliy Majlis, tegishli viloyat, tuman va shahar davlat organlari rahbarlarini tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlash amaliyotini joriy etish.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?