Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet hamda axborot-kutubxona resurslarining o‘rni qanday?

15:57 24 Aprel 2018 Madaniyat
659 0

Termizda tashkil etilgan “Central Asia — 2018. Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet hamda axborot-kutubxona resurslarining o‘rni” mavzuidagi XII xalqaro konfrensiyada shu savolga atroflicha javob izlandi. Unda yurtimizdagi axborot-resurs markazlari vakillari bilan birga, Rossiya, Qozog‘iston, Eron, Isroil, Hindiston va boshqa chet davlatlardan soha mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Konfrensiyada elektron axborot resurslarini shakllantirish orqali axborot-kutubxona muasssalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda innovatsion g‘oyalarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

— Jahon ma’lumotlar bazasidan foydalanish, foydalanuvchilarga masofadan xizmat ko‘rsatish soha rivojida muhim ahamiyatga ega, — deydi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Alisher Abduazizov. — Anjuman bu boradagi xorij tajribasini o‘rganish va tajriba almashish imkonini yaratdi. 
Konfrensiya yalpi majlisida hududlarda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari va hamkorlik istiqbollariga doir qator ma’ruzalar tinglandi. Chet ellik mutaxassislarning mahorat darslari, loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. 

— Ilm-fan sohasida integratsiya jarayonining jadallashuvi fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirishda yangi imkoniyatlar ochib bermoqda, — deydi Koreya Milliy kutubxonasi raqamli kutubxona bo‘limi diretori Kim Insuk. — O‘zbekistonda tatbiq etilayotgan ilg‘or amaliyotlar axborot-kutubxona faoliyatini zamon talablariga moslashtirish, innovatsion g‘oyalardan unimli foydalanish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. 

Anjuman doirasida Muzrabotlik xalq ta’limi fidoyisi, mehnat faxriysi Do‘stqobil Qodirovning uy kutubxonasi ham foydalanishga topshirildi. Zamonaviy tarzda ta’mirlangan kutubxonada 2 ta o‘quv zali mavjud bo‘lib, kompyuterlar bilan jihozlangan. 10 mingdan ortiq kitob fondidan endilikda hududdagi 15 ming nafar aholi, xususan, o‘quvchi-yoshlar keng foylanish imkoniyatiga ega.

Ikki kun davom etgan xalqaro konfrensiyada EBSCO, Web of Sciense elektron ma’lumotlar bazalari va RDK dissertatsiyalar elektron kutubxona bilan ishlash asoslariga bag‘ishlangan mahorat mashg‘ulotlari, vebinar va “E-Line Press” kompaniyasi faoliyati va loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.
Ilhom RAHMATOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?