Fan doktorlari nega kam? Professorlarni pensiyaga kuzatish adolatdanmi?

17:58 11 Iyun 2018 Jamiyat
894 0

Prezidentimizning 2018 yil 5 iyunda imzolangan “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Unda asosiy e’tibor oliy ta’lim sohasida talablar darajasida keng qamrovli islohotlar o‘tkazishga qaratilgan bo‘lib, bunga to‘siq bo‘layotgan eskicha tartiblarga barham berish ko‘zda tutilgan. Qayd etilganidek, professor-o‘qituvchilar oylik-maoshlarini muntazam oshib borishi, rag‘batlantirish jarayonlarining takomillashtirilishi, shu bilan bir qatorda o‘qituvchi kadrlar faoliyatiga odilona baho berish tizimining ishlab chiqilishi, qat’iy jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi maqsadga muvofiqdir. Professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning xohish-istaklarini hisobga olish, keng tashabbuskorlik ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi oliy ta’lim shaffofligini ta’minlashga munosib xizmat qiladi.

Oliy o‘quv yurti rahbarlari qarorda ta’kidlanganidek, zukko, kelajakni tez ilg‘ab ola bilish qobiliyatiga ega bo‘lishi, dunyo miqyosidagi oliy ta’lim standartlari bo‘yicha fikr yurituvchi tashabbuskor insonlar bo‘lishi ayni muddao. Shu ma’noda, Samarqand davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Rustam Xolmurodovning “Narodnoye slovo” gazetasining 2018 yil 29 may sonida e’lon qilingan muhandislik-texnologiyasi mutaxassislari tayyorlash sohasi samaradorligini oshirish masalalariga qaratilgan maqolasini qiziqish bilan o‘qib chiqdik. Unda ta’kidlangan iqtisodning hozirgi shiddatli rivojlanish pallasida muhandislik ta’limi oliy ta’limda qanday talablarga javob berishi kerakligi haqidagi ilg‘or qarashlari davr talablariga hamohang.

O‘rni kelganda bir mulohazani ham qayd etib o‘tishni xohlardik. Ma’lumki, jahondagi taraqqiy etgan mamlakatlarning barchasida mintaqa hududlaridagi fan, adabiyot va san’atning rivojiga poytaxtdagidek e’tibor beriladi. Fikrimizning yorqin misoli sifatida AQSH, Angliya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiyani aytish mumkin. Prezidentimiz rahbarligida hududlarda ham adabiyot va san’at, ma’naviyat va madaniyatning keng qirralari rivoj topishi uchun ko‘plab chora-tadbirlar ishlab chiqilayotgani, g‘amxo‘rliklar ko‘rsatilayotgani, talab va ehtiyojlardan kelib chiqib oliy o‘quv yurtlari, yangi-yangi ma’naviyat-madaniyat markazlari ochilayotganligi, arzon uy-joylar qurilishi, umuman, inson manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar qilinayotganligining guvohi bo‘lib turibmiz. Masalan, yaqindagina eng chekka janubiy mintaqalarimizdan biri Surxondaryo viloyatida tibbiyot instituti ochilishidan voha ahli benihoya xursand bo‘ldi.

Ammo, sir emas, keyingi vaqtlarda viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlarida fan doktorlari soni keyingi vaqtlarda kamayib boryapti. Ma’lumki, fan doktori ilmiy darajasini olish, professorlik lavozimiga ko‘p hollarda 50 va undan ortiq yoshdagilarda kuzatiladi. 60 yoshda esa fan doktorlarining ko‘plari pensiyaga kuzatilyapti. Ya’ni, olimning ilmiy fikrlari tafakkuri to‘lishib kelayotgan bir davrda u oddiy ishchidek, nafaqaga kuzatilishi adolatdan emasligi ayon bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun ham hech bo‘lmaganda, viloyat oliy o‘quv yurtlarida talabalarga dars berayotgan fan doktorlariga pensiyasi saqlangan holda pedagoglik faoliyatini davom ettirilishiga ruxsat berilsa, ustoz-shogirdlik an’analari umri uzayib talabalarga puxta bilim berish saviyasi yanada oshgan bo‘lur edi.

Umuman, oliy o‘quv yurtida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarning aksariyati ilmiy darajaga ega bo‘lgan tajribali ustozlar bo‘lishi va yaqin yillarda dissertatsiya va ixtirolarini muvaffaqiyatli yakunlayotgan umidli o‘qituvchilar tarkibidan tashkil topgan bo‘lishi lozim. Bu esa davlatimiz rahbarining qarorida ko‘zda tutilgan asosiy maqsad — tasodifiy oliy o‘quv yurtiga tushib qoladigan, bilim saviyasi past bo‘lgan kadrlardan tozalanishga ham yordam beradi.
Boynazar YO‘LDOSHЕV,
filologiya fanlari doktori.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?