“Familiyani notoʻgʻri yozgan boʻlsa, men aybdormanmi?”

14:58 25 Mart 2019 Jamiyat
480 0

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Rahim Sherqulov/Toshkent. Muammolar turlicha. Mutasaddilar barchasini yoʻnalishlar boʻyicha hal qilish choralarini koʻrishmoqda.

Sergeli tumanilik Nasiba Shohidova ham bir necha yillardan beri paysalga solib kelinayotgan muammosini hal qilish niyatida adliya vaziri Ruslanbek Davletovning qabulga kirdi.

— Meros masalasi boʻyicha muammoimni hal qilaman deb keldim. Uyimiz qaynotamning nomida. U kishi vafot etganiga ancha yillar boʻlgan. Masala shundaki, uyni qaynotamning nomidan turmush oʻrtogʻimning nomiga rasmiylashtirolmayapmiz. Sababi qaynotamning ismi oʻsha paytdagi nikoh guvohnomasida Mahamadalin deb yozilgan ekan. Oʻlim guvohnomasida esa Muhamadalin. Shu bitta harf notoʻgʻri yozilgani uchun men sarsonman. Familiyani notoʻgʻri yozgan boʻlsa, men aybdormanmi?

Qabulda adliya vaziri fuqaro N. Shohidovaning ushbu masalasini darhol hal qilib berish choralarini koʻrishini aytdi. Murojaatchi esa, adliya vazirligi masʼul xodimiga zarur hujjatlarni topshirdi.

— Masalam ijobiy hal boʻlayotganidan mamnunman, — deydi N. Shohidova. — Sayyor qabullar koʻpchilikning yillar mobaynida qiynab kelayotgan muammolariga yechim topishda juda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Buning yana davom ettirilishini istardim.

Sayyor qabulda huquq-tartibot idoralari bilan birga, Prezident Administratsiyasi vakillari ham ishtirok etmoqda.

Qabul davom etyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?