Fayzli joyda aholining kayfiyati ham, kelajakka intilishi ham yuqori bo‘ladi

10:05 28 Aprel 2018 Jamiyat
949 0

Odamlarimiz qayerda bo‘lmasin, hatto eng chekka hududda ham baxtli va farovon turmush kechirishga haqli. Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalari ana shu ezgu maqsadga qaratilgan. Ilgari bajarilgan qurilish hamda obodonlashtirish ishlarida olis qishloqlarda istiqomat qilayotgan oddiy insonlarning yashash sharoitini yaxshilashga yetarlicha e’tibor berilmagan. Oqibatda aksariyat qishloqlarda ijtimoiy soha ob’ektlari nochor ahvolga kelib qolgan, infratuzilma batamom izdan chiqqan.

Prezidentimizning shu yil 29 mart kuni imzolangan “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni qishloqlarning zamonaviy qiyofasini yaratib, ularni obod manzillarga aylantirmoqda. Uning ijrosi doirasida dastlab Do‘stlik tumanining Manas qishlog‘ida amalga oshirilgan o‘zgarishlar tasavvurimizda qotib qolgan qishloq manzarasini butkul o‘zgartirib yubordi. Negaki, ko‘rimsiz inshootlar, qishda loy, yozda chang ko‘chalar atigi 1,5 oyda mutlaqo zamonaviy qiyofa kasb etdi.
Bu yerda boshlangan bunyodkorlik harakati bugun butun mamlakatimizni qamrab olmoqda. Joriy yilda har bir tumanda 2 tadan qishloqda, keyingi yildan boshlab esa har yili har bir tumanda 3 tadan qishloqda keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish ishlari bajariladi.

Davlatimiz rahbari 26 aprel kuni bo‘lib o‘tgan “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni samarali tashkil qilish bilan bog‘liq va bu boradagi eng muhim vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratdi. Ayrim joylarda qishloqlarning bosh rejasini ishlab chiqish, obodonlashtirish ishlari kechikayotgani, moliyalashtirish o‘z vaqtida bajarilmayotganiga to‘xtalib, mazkur yumushlarni tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.

Sutbuloq, Birlik, Kanalobod, Tong yulduzi, Shalola, Abay. Ushbu qishloqlarning nomini poytaxt viloyatida tez-tez tilga oladigan bo‘lishdi. Mana, bir necha oydirki, mazkur mahallalarda “Obod qishloq” dasturi doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Ushbu hududlarning kechagi holati o‘ta ayanchli edi. Rejasiz qurilgan uylar, fayzsiz ko‘chalar, nurab ketgan ijtimoiy soha ob’ektlari, yaroqsiz suv hamda elektr inshootlari aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgandi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan oldimizga qo‘yilgan yangi vazifalar yanada g‘ayrat-shijoat bilan ishlashni taqozo etadi, — deydi Quyi Chirchiq tumani hokimi o‘rinbosari Murod Botirov. — Ochig‘i, keyingi kunlarda bir oz sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgan edi. Dastur ijrosini ta’minlashda har bir kun, har bir soat g‘animat ekanligini tushunib yetib, hamma tadbirga alohida ahamiyat qaratayapmiz.

Darhaqiqat, tumandagi Abay qishlog‘ida qurilish ishlari yana jonlanib ketdi. Barcha kuch va texnika vositalari belgilangan loyihani amalga oshirishga qaratilmoqda. Natijada 3,8 kilometrlik masofaga suv quvurlari tortilib, 3 kilometrlik gaz quvurlari ta’mirlandi. Yo‘llarni soz holga keltirish uchun esa 1 milliard 470 million so‘mlik mablag‘ ajratilib, bugungi kunga qadar 2,5 ming kub metr shag‘al yotqizildi. Shuningdek, ikkita transformator kapital ta’mirlandi. 88 ta eski simyog‘och zamonaviylariga almashtirildi.

Hududdagi 14-maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘pchilik mamnun. Bog‘cha hududi devor bilan o‘ralib, tomi yopildi, eshik-romlari almashtirildi. Qozonxona yangilandi. Hovlidagi yantoqzor o‘rnida zamonaviy bolalar maydonchasi, kichik suv havzasi quriladigan bo‘ldi.
Loyiha bo‘yicha mahalladagi 198 ta xonadondan 40 tasining darvozasi, 44 tasining tomi almashtiriladi. 125 ta xonadonda issiqxonalar quriladi. Bu ishlar ham jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Hisob-kitoblarga qaraganda, ko‘chalar atrofidagi hovlilarni o‘rash uchun 2,7 kilometr uzunlikda devor urish kerak. Shu maqsadda yangi sex ochildi. Natijada 12 kishi doimiy ish bilan ta’minlanib, hozirgi kungacha 1,4 kilometr devorlar tiklandi. Qishloqda savdo majmuasi, kutubxona, “Go‘zallik saloni”, o‘quv markazi qurilishi ham jadal davom ettirilayapti. Kam ta’minlangan oilalar a’zolari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tikuv sexi foydalanishga topshirildi. Bu bilan 25 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, dastur ijrosida ayrim kamchiliklar ham uchrab turibdi. Bu, o‘z navbatida, aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotir. Masalan, Abay ko‘chasi, 5-uyda yashovchi Diana Primqulovaga tegishli uyning tomi ochib tashlanganidan to‘rt kun o‘tib qayta yopildi. To‘g‘ri, bu katta muddat emas. Lekin bu orada yoqqan yomg‘ir ta’mirdan chiqqan uyni yana ta’mirtalab qilib qo‘ydi. Namlik to‘rt nafar bolasining sog‘lig‘iga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Yoki Fotima Xudoyberdiyeva yashab turgan uy talabga mutlaqo javob bermayotganligi uchun buzib tashlandi. Uch bolali ayolning uy qurish, uy bitguncha qarindosh-urug‘inikida yashashi katta muammoga aylanmoqda.
Videoselektorda ijrochilar oldiga qo‘yilgan vazifalar bunday kamchiliklarni so‘zsiz bartaraf etib, dasturni muvaffaqiyatli bajarishga undaydi, albatta.

“Obod qishloq” dasturi doirasida Jizzax viloyatida 24 ta qishloq fuqarolar yig‘inidagi aholi punktlarining me’moriy qiyofasi yaxshilanadi. Ushbu maqsadlar uchun 340 milliard 358 million so‘mlik mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda maxsus ishchi guruhi tomonidan Mirzacho‘l tumanida zarbdor 90 kunlik e’lon qilingan. Unga ko‘ra, tumandagi o‘alaba mahallasi va O‘zbekiston qishlog‘ida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayapti.

— Mahallamiz tuman markazida joylashgan, — deydi “o‘alaba” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilbar Qulmatova. — Uning hududi obod bo‘lmasa, odamlarning kayfiyatiga ham ta’sir ko‘rsatar ekan. Yashirishning hojati yo‘q, asosiy ko‘chadan mahalla tomon 30 metrcha yursangiz, u yerdagi manzaradan dilingiz og‘rirdi. Obodonlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, shaharsozlik qonun-qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida 42 ta ko‘p qavatli uy atrofiga xonadon egalari o‘zboshimchalik bilan yordamchi binolar qurib tashlashgandi. Dastur bunday tartibsizliklarga barham berdi. Mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlanganidan buyon sakkizta ko‘chadagi noqonuniy qurilgan barcha uy buzildi, eski shiferlar yangi, zamonaviysiga almashtirilayotir.

“Uyi borning o‘yi yo‘q”, deydi xalqimiz. Dastur o‘z ichiga aholini qiynab kelayotgan turarjoy masalasini ham qamrab olganki, pirovardida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, degan g‘oya ijrosi amalda ta’minlanayapti.
Gap shundaki, mahalladagi uyga muhtoj bo‘lgan oilalar uchun 400 ga yaqin uy-joylar qurish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 2 ta bo‘sh turgan yerda 160 ta namunaviy arzon uy-joy qurish uchun yer ajratildi. Birinchi hududda bunyod etiladigan 112 ta uy pudratchi tashkilotlarga tender asosida taqsimlab berildi. Ayni paytda bu yerda qurilish ishlari qizg‘in.

Sir emas, cho‘lni o‘zlashtirishning ilk yillarida qish-qirovli kunlarga qolmasdan mamlakatning turli hududlaridan kelgan yoshlarni, ko‘chirma qilingan oilalarni boshpana bilan ta’minlash maqsadida tez tayyor bo‘ladigan, yog‘ochdan uylar tiklanib, aholiga ajratilgan edi. Oradan ancha yillar o‘tib, xalq tilida aytganda, “cho‘pkori” uylar bugungi talablarga javob bermay qoldi. Tumandagi eskirgan 325 ta ana shunday uyda yashovchilar sharoiti o‘rganilib, ularning barchasi bosqichma-bosqich 400 xonadonga mo‘ljallangan, 4 sotixli yer maydoniga ega yangi uylarga ko‘chiriladi. Qolaversa, mahallada 9,3 kilometrlik yangi elektr tarmoqlarini qurish, 20,9 kilometrini rekonstruksiyalash, 9,0 kilometr elektr tarmoqlarini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. Bugungi kungacha bir kilometrlik elektr tarmoqlari rekonstruksiyalashtirilib, 32 ta ustun demontaj qilindi.

— Gagarin ko‘chasida bitta zamonaviy supermarket hamda bir kecha-kunduzda 4 ming dona qolipli non ishlab chiqarish quvvatiga ega sex qurish ishlari loyihalashtirilib, buning uchun yer maydonlari ajratildi, — deydi Jizzax viloyati arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ergash Qo‘ldoshev. — Mahallada 15 ta tandirxona, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi chorva mollarini parvarishlash uchun 100 ta qoramol hamda 100 ta qo‘y boqishga mo‘ljallangan chorva kompleksi bunyod etish uchun ham joy ajratilib, zarur yumushlar boshlab yuborildi.
Qisqasi, dastur ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar qishloq aholisi turmush tarzini keskin o‘zgartirishi, bugungi kunidan zavqlanib yashashi, ularda ertangi kunga bo‘lgan ishonch hissi yanada mustahkamlanishida katta ahamiyatga ega.
Rahmatilla ShERALIYeV,
Tolibjon ERGAShEV,
«Xalq so‘zi» muxbirlari.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?