“Fair-news”: Oʻzbekistonda 500 mingdan ortiq tadbirkor va 8 milliondan ziyod aholi 30 trillionlik imtiyoz va preferensiyalarga ega boʻldi”

17:51 23 May 2020 Iqtisodiyot
119 0

Germaniyaning qator internet saytlarida pandemiya sharoitida Oʻzbekistonda aholini ijtimoiy muhofaza qilish choralari va iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar natijalariga bagʻishlangan maqolalar chop etilyapti, deb xabar berdi “Dunyo” AA..

Xususan, “Pressaktuell” yangiliklar portalidagi maqolada yozilishicha, karantin va oʻzini-oʻzi yakkalash tartibi mamlakatda koronavirus tarqalishini nazorat qilishga imkon yaratdi. Epidemiologik vaziyat esa aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami va virus infeksiyasiga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari uchun oʻziga xos sinov boʻldi.

Maqola oʻquvchilarni Oʻzbekistonda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ularga xizmat koʻrsatish, shuningdek, koronavirusga qarshi kurashda qatnashayotgan tibbiyot, sanitar-epidemiologiya va boshqa soha xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish natijalari bilan tanishtiradi.

Qayd etilganidek, ijtimoiy koʻmak va moddiy yordam uchun sarflanayotgan xarajatlar koronavirusga qarshi kurashish uchun tuzilgan maxsus Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi tomonidan qoplanmoqda.

Nashrda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati tashabbusi haqida soʻz yuritilib, xayriya ishlarini olib borgan tadbirkorlar davlat tomonidan ragʻbatlantirilishi boʻyicha maʼlumotlarni keltiradi.

Oʻz navbatida, “Fair-news” portali pandemiya sharoitida kichik tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozlarga toʻxtaladi.

“Soʻnggi ikki oy mobaynida mamlakat aholisi hayotida va iqtisodiy jabhalarda pandemiya oqibatlarini yumshatishga doir Oʻzbekiston Prezidentining 12 ta farmon va qarorlari qabul qilindi. Buning natijasida 500 mingdan ortiq tadbirkor va 8 milliondan ziyod aholi 30 trillionlik imtiyoz va preferensiyalarga ega boʻldi”, deya keltiriladi nemis nashrida.

Maqolada, shuningdek, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga oydinlik kiritilib, Oʻzbekistonda karantin tadbirlarining xalqaro talablar asosida bosqichma-bosqich yumshatilayotgani eslatib oʻtiladi. Xususan, hududlarning “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglarga ajratilgani, 110 ming nafar ishbilarmonga faoliyatini qayta boshlashiga ruxsat berilgani qayd etiladi.

Bugungi kunda 600 mingdan ortiq inson oʻz ish joylariga qaytishdi. Sohalar va hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib yana 40 mingdan ortiq ishbilarmonga oʻz faoliyatini davom ettirishga ruxsat beriladi. Ayni jihatlar ham nashr eʼtiboridan chetda qolgani yoʻq: “Respublika aholisi uchun zarur sharoitni yaratish maqsadida sartarosh, etikdoʻz, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, haydovchi va boshqa kasb egalariga ishlashlariga imkon berildi. Ular daromad soligʻidan ozod qilindi”.

“Pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi uchun ajratilgan 1 trillion kredit toʻlovi muddati uzaytirildi. Dasturni toʻliq amalga oshirish uchun Taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasi hisobidan 100 million dollar ajratildi”, deb yozadi “Fair-news”.

Maqola muallifi aholining kam taʼminlangan qatlamini ijtimoiy muhofaza qilish toʻgʻrisida soʻz yuritar ekan, mamlakatda 14 yoshgacha farzandi boʻlgan oilalarga nafaqa, bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 2020-yil 1-iyundan boshlab qoʻshimcha 10 foizga oshirilishini alohida taʼkidlaydi.

Bir soʻz bilan aytganda, nemis nashrlari Oʻzbekiston saʼy-harakatlari mamlakatda barqaror iqtisodiy oʻsish va ishbilarmonlik muhitini yaratish, shuningdek, aholini ijtimoiy muhofaza qilishga qaratilganini qayd etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?