Ezgu yangilanishlar mamlakati

01:15 28 Fevral 2018 Jamiyat
584 0

O’zbekistondagi amaliy va jadal islohotlar dunyo hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo’lmoqda.
Bugun bahorning ilk kuni. Saxovatli quyoshning iliq nurlari jonajon Vatanimizdan qishning izg’irinli damlarini eritib tashlayapti. Qarang, naqadar toza havo, uning musaffoligini faqat tabiat in’omi sifatida qabul qilsak, hayot haqiqatiga uyg’un, desak mubolag’a emas. Chunki O’zbekiston uzra o’zgarishlar shabadasi ertangi kunning zavq-shavqi bilan g’ayrat-shijoat ko’rsatib mehnat qilishga undaydi.
Uyg’onish fasli yil taqvimi bo’yicha bugundan kirsa-da, mamlakatimizda u ancha avval boshlanib, kundalik hayotimizning muhim xususiyati sifatida qaror topgani barchaga ayon. Anglaganingizdek, so’z Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan olib borilayotgan va ahamiyatiga ko’ra tarixiy, deb atalgan islohotlar haqida bormoqda. Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan o’zgarishlarni bugun jahonning taniqli olimlari tan oldi, shubhaga to’la qarashlari bilan ajralib turuvchi ekspertlar ham ularni istiqbolli, deya baholayapti.
Bahor hamisha umid va ishonch uyg’otadi
Barselona xalqaro munosabatlar markazining ekspertlari e’tirof etishicha, O’zbekiston Shavkat Mirziyoev rahbarligida o’ziga xos bahorni boshdan kechirmoqda. Ular mamlakatimiz etakchisini dunyodagi ahvolga ta’sir ko’rsatishga qodir buyuk shaxslar ro’yxatiga kiritishdi. Prezidentligining dastlabki yilidayoq respublika rahbari turli-tuman bashoratlarga qaramay, davlatni yanada ochiqroq qilishga intildi hamda buning natijasi kundalik hayotimizda namoyon bo’lmoqda.
Ispaniyaning ko’hna “aql markazi” ekspertlari ta’kidlashicha, bularning barchasi qo’shnilar bilan munosabatni yaxshilashga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlar bilan birga, mamlakat ichkarisida va undan tashqarida ilgari kutilmagan kelajakka ishonch tuyg’usini shakllantirayapti.
Buyuk Britaniyaning “Financial Times” gazetasi muallifi yaqinda e’lon qilgan, mamlakatimizdagi o’zgarishlarga bag’ishlangan maqolasida “O’zbekistonda iliqlik davri boshlanayaptimi?” degan savolni o’rtaga tashladi. Unda davlatimiz rahbarining Virtual qabulxonasiga yuz minglab kishi o’z muammolarini hal etish uchun murojaat qilgani alohida keltirib o’tilgan. Darhaqiqat, odamlar barcha viloyatlarda faoliyat yuritayotgan Xalq qabulxonalari orqali muammolari haqida ochiq ayta boshladilar. Buyuk britaniyalik muallifning fikriga ko’ra, Shavkat Mirziyoev olib borayotgan islohotlarda yoshlar uchun ko’plab ish o’rinlari yaratilayotgani ham hal qiluvchi rol o’ynayapti. Qisqasi, xorijiy hamkasbimiz bir qator ijobiy holatlarni e’tirof etarkan, “O’zbekistonda iliqlik boshlanayapti”, degan xulosaga keladi.
Chindan ham, buni, birinchi galda biz o’zimiz his qilayapmiz. Agar o’z sohamizga tegishli faoliyat to’g’risida gapiradigan bo’lsak, ommaviy axborot vositalari ham mutlaqo o’zgardi. Axborot majmui to’lig’icha yangilanib, muammolar dalil hamda qat’iyat bilan ko’tarila boshlandi, jurnalistik materiallarda fakt va raqamlarning aniq hamda haqqoniyligiga, odamlarning o’y va tashvishlari aks etishiga erishildi.
Darvoqe, kundalik turmushdagi ijobiy yangiliklarning sanog’iga etib bo’lmaydi. Xususan, bir necha oy ichidayoq amaldorlarning joylarda fuqarolar bilan gaplashish ohangi o’zgardi, chinakamiga ishlayotgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari, naqd pul olish imkoni bo’lgan bankomatlar mavjudligi oddiy holatga aylandi. Bayramlar munosabati bilan bir nechta dam olish kunlari berilishi fuqarolarning ayyomni ko’tarinki ruhda nishonlashi uchun qulaylik yaratdi, tantanalar rasmiy tadbirdan chinakam quvonchu shodlik hukmron xalq sayillari shakliga ko’chdi. Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan Navro’z bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risidagi qaroriga muvofiq, asrlar davomida el-yurtimizning orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan ushbu ayyom bilan bog’liq urf-odatlar, qadriyatu an’analar mohiyati hamda ahamiyatini o’zida mujassam etgan ommaviy sayillar uyushtiriladi. Bu ham yangilanishlarning tabiiy bir qismi muhim mezonidir.
O’zbekistonda mazkur jarayon ajdodlarimizdan meros bo’lib kelayotgan bebaho va nodir madaniyatga asoslanadi. Umuman, undan kuch-quvvat oladi, yanada ulkan salohiyat kasb etadi. Xayr va ezgulikka yo’g’rilgan, inson farovonligiga qaratilgan qadimiy an’analarimiz murakkab davrlardan ham omon chiqdi, endi esa mamlakat rahbarining sa’y-harakatlari bilan go’zal mazmun kasb etib, dunyoni hayratga solmoqda.
O’zbekiston islom fani va madaniyatining qadimiy beshigi ekanligi haqida Sharq mamlakatlari bo’yicha amerikalik mutaxassis Jeyms Durso “The Diplomat” xalqaro jurnalida to’lqinlanib yozgan maqolasi shu jihatdan bejiz emas.
Binobarin, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, MDH Dinlararo kengashi hamraisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda “O’zbekiston islom olami uchun muhaddislar, olimu ulamolar etishtirib bergan muqaddas yurt sifatida dunyoda shuhrat qozongani uning ulug’ligi va buyukligini yaqqol tasdiqlaydi. Islom dini garchi Arabistonda qaror topgan bo’lsa-da, u o’zbek zaminidan quvvat olganini dunyo musulmonlari yakdil e’tirof etishadi, — deydi. — Har gal O’zbekistonda bo’lar ekanman, muqaddas zaminning gullab-yashnayotganiga guvoh bo’laman. O’zbek xalqi hayotidagi xayrli o’zgarishlarni kuzatib, mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, Shavkat Mirziyoev — O’zbekistonni yanada yuksak marralarga eltuvchi munosib rahbar. Uning boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O’zbekistonning Markaziy Osiyodagi etakchilik maqomini mustahkamlovchi muhim tarixiy o’zgarishlar ro’y bermoqda”.
Tariximiz mushtarak, bugunimiz do’stlikda, ertamiz ahillikda
O’zbekistondagi shiddatkor o’zgarishlar butun mintaqadagi ahvolga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, degan fikr ko’zga ko’ringan xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan tez-tez aytilmoqda. Zotan yurtimiz Markaziy Osiyo hududidagi mamlakatlarning barchasi bilan chegaradosh bo’lgan yagona davlat ekaniga yana bir bor iqror bo’lish uchun xaritaga bir qur nigoh tashlash kifoya.
O’zbekistonning iqtisodiy va siyosiy sohadagi islohotlari mamlakat ichkarisida ham, undan tashqarida ham e’tibor markaziga aylandi, deb qayd etadi “Human Rights Watch”ning Evropa va Markaziy Osiyo bo’yicha bo’linmasi direktori Xyu Uilyamson. Uning fikricha, qo’shni davlatlar bilan ilgari hukm surgan keskinlikning yumshatilishi, chegaradan o’tishning engillashtirilishi, o’z navbatida, oddiy odamlar hayotida ijobiy o’zgarishlar yasadi.
Shunga o’xshash fikrni ingliz tilida chiqadigan “Georgia Today” (Gruziya) nashri tahlilchisi Dimitriy Dolaberidze ham bildirdi. U Shavkat Mirziyoevning Prezidentlik davri O’zbekiston uchun yangi bosqichdir, mintaqaviy hamkorlik tashkilotlariga nisbatan siyosatni o’zgartirish esa O’zbekistonga ham, mintaqaning boshqa ishtirokchilariga ham foyda keltiradi, deya e’tirof etdi.
So’nggi oylar ichida qo’shnilar bilan yaqin aloqalar qayta tiklandi. Mintaqadagi barcha mamlakatlar sari yaqinlashdik. Ayniqsa, tan olish kerakki, bir qadar muammoli munosabatlar yuzaga kelgan Qirg’iziston va Tojikiston bilan aloqalarda xalqlarimiz intiqlik bilan kutgan, o’zaro manfaatli, xayrixoh do’stlik, samimiyat, tarixiy qardoshlikka asoslangan yangilanishlar ro’y berdi. AQShning “Jamestown Foundation” fondi chegaralarni delimitatsiya qilish, havo qatnovlari yo’lga qo’yilishi, transport aloqasini kengaytirish, iqtisodiy hamkorlik Markaziy Osiyoning qo’shni mamlakatlari o’rtasidagi muzokaralar markazida bo’lganligini alohida qayd etganining sababi ham shunda.
“O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasidagi bunday sog’lomlashtirish jarayoni mintaqadagi umumiy vaziyatga ijobiy ta’sir ko’rsatadi”, deb hisoblaydi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi MDH Uchinchi departamenti direktori Aleksandr Sternik.
Aytish joizki, bu xayrli yangilanishlarni ilgari rasmiyatchilik tufayli berkitib qo’yilgan chegaraning har ikki tomonida yashovchi kishilar teran his qilishdi. Qarindoshlari, do’stlari bilan ko’rishish endi avvalgiday uzoq vaqt va asabbuzarlikni talab etuvchi mushkul vazifa emas, balki quvonchli hodisaga aylandi. Axir bizning qardoshlik rishtalari bilan bog’langan, mehmondo’stlik bilan nom chiqargan mintaqamizda shunday bo’lishi ham kerak-da.
Xalqimizga xos an’ana faqat bayram yo xursandchilikni baham ko’rishdan iborat, desak, adashgan bo’lamiz. Aksincha, qiyin vaziyatda elkadosh, so’z va amaliy ish bilan xalqlarimizni jalb qilgan holda, muammoni birgalikda hal etish undan-da muhim.
Afg’oniston bilan aynan shunday yo’l tutilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O’zbekistonning ovozi xavotirli bong kabi yangradi. Prezident Shavkat Mirziyoev o’z nutqida Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti ekanligiga alohida e’tiborni qaratdi.
Mamlakatimiz Janubdagi qo’shnisining iqtisodiy jihatdan tiklanishiga, transport va energetika tuzilmasi rivojlanishiga, milliy kadrlar tayyorlash ishiga katta hissa qo’shmoqda. Shu oyning oxiriga mo’ljallangan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik” mavzuidagi Afg’oniston bo’yicha xalqaro konferentsiya ushbu masalani global miqyosda mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tasdiqlashicha, unda qatnashish uchun Toshkentga afg’on masalasiga jalb qilingan va voqealarning keyingi rivoji ularga bog’liq bo’lgan mamlakatlar, ya’ni Rossiya, XXR, AQSh, Pokiston, Eron, Hindiston, Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek BMT va Evropa ittifoqi, “ko’hna qit’a”ning Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Italiya kabi qator mamlakatlari taklif etiladi.
“Toshkentda O’zbekiston hukumati tomonidan tashkil etiladigan Afg’oniston bo’yicha konferentsiya o’tkaziladi. Bu tashabbusdan maqsad —qator xalqaro sheriklarni bir joyga yig’ib, afg’on hukumatining tinchlikka erishish yo’lidagi intilishlarini qo’llab-quvvatlash bo’yicha global sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish. O’zbekiston Afg’onistonning barqarorligida tarixiy rol o’ynaydi, deb hisoblaymiz. Konferentsiyaning o’zini esa ma’lum ma’noda O’zbekistonning xalqaro maydonga qaytishi, deb atash mumkin”. Xezer NAUERT, AQSh Davlat departamenti vakili.
Albatta, mamlakatimizning bu borada o’z o’rniga ega bo’lishi tabiiy. Respublikamiz Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko’ra, O’zbekiston mazkur siyosiy jarayonning faol ishtirokchisiga aylanadi. Zero, Afg’oniston bilan umumiy chegaramiz, tarixiy va zamonaviy aloqalarimiz, munosabatlarimiz bor. Demak, bu muhim jarayonning boshlanishiga munosib hissa qo’shish biz uchun ham qarz, ham farz.
Yaqinda “The Wall Street Journal” gazetasida chop etilgan maqolada “Afg’onistonning tinch-osoyishta yo’li Toshkentdan boshlanadi”, degan fikr bildirildi. Uning muallifi Lukas Alpert zamonaviy O’zbekiston afg’on muammosining hal qilinishida borgan sari faol ishtirok etayotgani, harbiy harakatlarga barham berilishi esa butun mintaqada aksilterror sa’y-harakatlarning kaliti sanalishiga to’xtalib o’tdi. O’zbekiston tashqi siyosatidagi yangi tamoyillarga baho berar ekan, jurnalist mintaqadagi qo’shnilar bilan o’zaro aloqalar sezilarli darajada yaxshilanganini ham qalamga olgan. Chegaralardagi o’tish punktlarida ishlar qaytadan yo’lga qo’yilgani, Toshkent hamda qo’shni mamlakatlar poytaxtlari o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri havo qatnovlari tiklangani, transchegaraviy savdo-sotiqning kengaygani muhim o’zgarishlar sifatida alohida keltirilgan.
Farovonlikning oydin yo’li
Diyorimizdagi bahor yana qaysi jihati bilan ajralib turadi? Bu savolni xorijlik sayyohlarga bersangiz, “Mislsiz go’zalligi bilan!” deya javob qaytarishlari aniq.
Darhaqiqat, yurtdoshlarimiz ajoyib tabiat manzaralari, betakror me’morchilik namunalarini mehmonlarga namoyish etishdan nihoyatda mamnun. Mamlakatimizdagi sayyohlik firmalari va sohaning boshqa sub’ektlari boshlanayotgan mavsumni mutlaqo yangicha o’tkazishga bel bog’laganlar. Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qator hujjatlar keng miqyosda faoliyat yuritish uchun ulkan imkoniyatlar yaratdi. Masalan, ettita mamlakat sayyohlari uchun viza tartibi bekor qilindi, yana qirqqa yaqin davlatlar fuqarolariga viza rasmiylashtirish jarayoni engillashtirildi, umuman, bundan boshqa ko’plab tegishli amaliy chora-tadbirlar ko’rildi. Sir emas, butun dunyoda bizning yurtimizga bo’lgan qiziqish tobora kuchayib bormoqda. Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog’an va Koreya Respublikasining Bosh vaziri o’rinbosari Kim Dong Yon davlatimiz rahbariga hech qanday vizasiz O’zbekistonga borish imkoni yaratilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirganlarida ulkan e’tibor, qiziqish va xayrixohlik aks etib turibdi.
Ezgu chorlovimizning dastlabki samarasi shu bo’ldiki, Janubiy Koreya, Turkiya, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya, Singapur va Isroil fuqarolarining O’zbekistonga kelish uchun viza rasmiylashtirishlariga zarurat qolmadi. Bu haqdagi xabarni eshitgach, isroilliklar darhol Toshkent yo’nalishidagi iyun oyigacha bo’lgan barcha aviachiptani atigi ikki kun ichida sotib oldilar. O’zbekiston dunyo sayyohlari uchun eshiklarni ochib bergani xususidagi yangilik nafaqat mintaqamizdagi, balki MDH, Osiyo va Evropa mamlakatlaridagi kanallar orqali tezkor ravishda tarqadi. “Deutsche Welle” xalqaro jamoatchilik teleradiokompaniyasi O’zbekistonda turizm sohasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani to’g’risida xabar qilar ekan, anchadan beri mamlakat poytaxti metrosida hamda hukumat binolari yonida sayyohlarning kameraga suratga olishi taqiqlanganini, endi Prezident qaroriga muvofiq, turistlar jamoat joylarida biror-bir cheklovlarsiz suratga olishlari mumkinligiga urg’u beradi. O’z navbatida, yangi qarorga muvofiq, ayrim xorijiy yo’lovchilarga Toshkent aeroportiga kelishlari bilan 72 soat muddatga tranzit vizalari berilishiga e’tibor qaratadi.
Jahon hamjamiyatining O’zbekistonga bo’lgan qiziqishini kuchaytirishga yo’naltirilgan qarorlar turli davlatlarning ommaviy axborot vositalari muxbirlari tomonidan qizg’in muhokama etilayotgani, qadimiy va hamisha navqiron o’lkamizning butun go’zalligini his etib, o’z taassurotlarini, munosabatlarini xolis hamda haqqoniy bayon qilishayotgani, ayniqsa, quvonchlidir.
“Kislorod paydo bo’ldi, nafas olish osonlashdi” — mana shunday iboralarni bir necha marta, turli odamlarning og’zidan eshitdim, deb yozadi Rossiyaning “Komsomolskaya pravda” gazetasi muxbiri G. Sapojnikova. Bugungi O’zbekistonda ko’p ifoda etilayotgan so’zlardan yana biri — “liberallashtirish”. Prezident “Boy bo’linglar!” deyapti. Banklarga xalq ichiga kirib, kreditlar ajratish vazifasi yuklandi, toki, odamlar hovlilarida issiqxona qurib, daromadlarini ko’paytirsinlar. Hattoki, dehqonlarga biznes-reja tuzishda yordam beruvchi mutaxassislar ishlaydigan bo’limlar tashkil etildi. Mana ko’rasiz: bir necha yildan keyin bu dastur o’z natijasini namoyon etadi, — deya maqolasini yakunlaydi ommabop gazetaning muallifi.
Albatta, bu va boshqa dasturlarning samaradorligiga hech kimda shubha yo’q. Ularning har biri puxta o’ylangan, mazmun-mohiyatida esa inson manfaatlari mujassamdir.
Taqvim bo’yicha bugun bahorning birinchi kuni. Shunga qaramay, davlatimiz rahbarining tashabbuslari unib chiqishga ulgurdi, erta-indin mevasini ham berishi muqarrar. Bu ezgulik hamda yaxshilik barakasiga aylanajak. Shunda hayotimizning farovonligidan, jonajon Vatanimizning taraqqiyotidan odamlarimizning hayotdan roziligi yuz-ko’zlarida yanada teran barq uradi, ularning tabassumlarida, jilmayishlarida yorqin aks etadi.
O’tkir RAHMAT.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?