Ezgu tashabbus Nurotada “Har haftada bir kitob” tanloviga turtki berdi

21:42 02 Aprel 2019 Jamiyat
441 0

Prezidentimiz tomonidan kitob targʻiboti va mutolaa madaniyatini oshirish boʻyicha ilgari surilgan tashabbus asosida Nurota tumanidagi 150 dan ortiq korxona va muassasalar rahbarlari oʻzlari taʼlim-tarbiya olgan umumtaʼlim maktablari hamda bugungi kunda yashab turgan hududlaridagi taʼlim muassasalarga badiiy va ilmiy-ommabop kitoblarni sovgʻa qilishdi.

Shuningdek, sohibqiron Amir Temur tavalludining 683 yilligi munosabati bilan ulugʻ bobokalonimizning milliy davlatchiligimiz hamda insoniyat taraqqiyotida tutgan oʻrni, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, sanʼat va meʼmorchilikka oid qarashlari, hayotining maʼno-mazmuni, insonni ulugʻlaydigan ezgu ishlari haqida suhbat qurilib, tumandagi umumtaʼlim maktablariga 600 dona “Temur tuzuklari” kitobi sovgʻa qilindi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi izchilligini taʼminlash maqsadida tumanda “Men sevgan kitob” aksiyasi doirasida umumtaʼlim maktablarida tahsil olayotgan yoshlar oʻrtasida yil davomida “Har haftada bir kitob” tanlovini oʻtkazish belgilandi.

“Bunday ezgu tadbirlar, avvalambor, oʻsib kelayotgan yosh avlodning ongu tafakkurini boyitishga, ularni buyuk ajdodlarimizning maʼnaviy merosidan toʻlaqonli bahramand etishga zamin yaratadi, kitobga oshnoligini oshiradi”, dedi tuman hokimi U. Xalilov.

Temur Eshboyev (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?