Ezgu an’analarga uyg’un tashabbus

11:58 12 Mart 2018 Jamiyat
486 0

Avval xabar qilganimizdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Jizzax viloyatining Do’stlik tumanidagi Manas qishlog’ida boshlangan “Obod qishloq” dasturi ko’lami boshqa hududlarda ham bo’y ko’rsatmoqda. Ushbu ezgu tashabbusni Samarqand viloyatining eng chekka aholi yashash manzillaridan biri — Jom qishlog’ida ham amalga oshirishga kirishildi.
Bugun hudud qiyofasini butunlay o’zgartirish, odamlarning turmush sharoitini yanada yaxshilash, qishloqni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar ro’yobga chiqarilmoqda. Odamlarni hayotidan rozi qilish, shaharlardagidek yashash sharoitlarini yaratish maqsadida boshlangan mazkur bunyodkorlik ishlariga viloyatdagi o’nlab korxona va tashkilotlar jalb etilgan. Xalqimizning azaliy qadriyati bo’lmish umumxalq hashari asosida boshlab yuborilgan sa’y-harakatlar natijasida ilk kunlardanoq ushbu qishloqning elektr ta’minotini modernizatsiya qilish bo’yicha katta hajmdagi ishlar nihoyasiga etkazildi.
— “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilgunga qadar jomliklar elektr energiyasi ta’minotidagi doimiy uzilishlardan qiynalishayotgandi, — deydi Kattaqo’rg’on shahridagi “MK-12” MChJ bosh muhandisi Zohir Mingboev. — Hozirgi vaqtda mazkur aholi yashash punktiga elektr uzatish liniyasi tortildi. 26 kilometrlik ichki kommunikatsiya tarmog’ini yotqizish ishlari boshlandi. Bunda barcha eskirgan simyog’ochlar yangisiga almashtirilmoqda. Yangi transformatorlar o’rnatilayapti. Rejalashtirilgan ishlar yakunlanganidan so’ng Jom aholisi barqaror elektr ta’minotiga ega bo’ladi.
Qariyb yaroqsiz ahvolga kelib qolgan ichki yo’llar Jomning jiddiy muammolaridan yana biridir.
— Qishloqning besh kilometr masofadan ortiq asosiy va 20 kilometrdan ziyod ichki yo’llarini ta’mirlash bo’yicha ishlar olib borilmoqda, — deydi O’zbekiston Respublikasi Avtomobil yo’llari davlat qo’mitasi Samarqand viloyati hududiy bosh boshqarmasi bosh muhandisi Rauf Isoqov. — Ushbu jarayonga 20 dan ortiq texnika vositalari jalb etilgan. E’tiborli jihati, yo’llar zamonaviy talablar asosida ta’mirlanmoqda. Ishonchimiz komilki, bu kabi keng ko’lamli sa’y-harakatlar qisqa muddatda mazkur chekka qishloq qiyofasini tubdan o’zgartiradi.
Bugun Jom — Samarqand viloyatining eng yirik qurilish maydoniga aylangan. Bir vaqtning o’zida uylar ta’mirlanayapti. Davlat hamda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalarini bunyod qilish boshlab yuborildi. Suv va gaz ta’minoti tizimi butunlay yangilanmoqda. Har bir mahalladagi pala-partish qurib tashlangan, hududning umumiy manzarasiga yarashmaydigan turarjoylar bugungi me’morchilik talablariga moslashtirilayapti. Ko’chalar obodonlashtirilib, manzarali daraxtlar ekilayotir.
Qishloqni kompleks obodonlashtirishda oqsoqollar, yoshlar, viloyatning boshqa tumanlaridan kelgan hasharchilar faol ishtirok etayotgani e’tiborlidir.
Nurobod tumanida “Obod qishloq” loyihasini amalga oshirish jarayonida ijtimoiy dasturlarga ham alohida e’tibor qaratilayapti. Jumladan, turarjoyga muhtoj oilalar uchun zamonaviy uylar quriladi. Kam ta’minlangan xonadonlarga gaz plitalari hamda boshqa maishiy texnika vositalari olib beriladi. Shuningdek, aholiga qoramol, mevali daraxt ko’chatlarini etkazib berish bo’yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Ko’plab jomlik xotin-qizlarga tikuv mashinalari taqdim qilinadi. Ular kasanachilik asosida ishga jalb etilib, oilalari daromadini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo’lishadi.
Qisqacha aytganda, ushbu ijtimoiy tashabbus yurtdoshlarimizni mamlakatimizning har bir go’shasini obod qilish g’oyasi atrofida birlashtiradigan umummilliy harakatga aylanib bormoqda. Odamlarning dunyoqarashi o’zgarayapti. O’z jonajon mahallasiga, ta’bir joiz bo’lsa, Vataniga daxldorlik hissi yuksalmoqda. Bunday amaliy sa’y-harakatlar pirovardida yurtimizning olis qishloqlaridan biri bo’lgan Jomni viloyatdagi obod va fayzli manzillardan biriga aylantiradi.
Rinat ABDULMANOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?