Yevropa Ittifoqi tizimidagi barcha asosiy lavozim egalari oʻzgaradi

16:05 21 Iyun 2019 Dunyo
415 0

Yevropa Ittifoqining navbatdagi sammitida Jan-Klod Yunker oʻrniga Yevrokomissiyaning yangi rahbarini saylashning imkoniyati boʻlmadi. Navbatdan tashqari sammit 30-iyunga belgilandi, deb yozadi Reuters.

Sababi Bryusselda yigʻilgan 28 davlat rahbari Yevrokomissiya rahbarini tayinlash boʻyicha yakdil qarorga kela olishmadi.

Taqdim etilgan uch nafar nomzoddan birortasi koʻpchilikning ovozini toʻplay olmadi.

YEK rahbarligiga nomzodlar muhokamasidan tashqari YEIning uzoq muddatli byudjeti, strategik kun tartibini qabul qilish kabi masalalar ham koʻrib chiqildi. Oʻz navbatida Yevropa Ittifoqining 2050-yilda erishilishi koʻzda tutilayotgan iqlim boʻyicha betarafligi ham muhokamadan oʻtkazildi.

Umuman olganda, YEI barcha asosiy lavozimlar boʻyicha aniq qarorga erishishni maqsad qilgan.

Yevrokomissiya rahbarligidan tashqari, YEI raisi Donald Tusk, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Federika Mogerini, Yevroparlament raisi Antonio Tayani va Yevropa Markaziy banki raisi Mario Dragi oʻrniga yangi shaxslar tayinlanishi kerak, deb yozadi TASS.

Maʼlumot uchun, Yunkerning vakolat muddati shu yil 31-oktyabrda nihoyasiga yetadi.

YEKning yangi rahbari nafaqat koʻpchilik ovoz olishi lozim, balki yangi Yevroparlament tomonidan ham qabul qilinishi zarur.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?