Yevropa ittifoqi Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishiga koʻmak beradi

10:46 23 Noyabr 2018 Siyosat
609 0

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 22 noyabr kuni Bryussel shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya “Oʻzbekiston – Yevropa ittifoqi” hamkorlik kengashining 14-majlisida ishtirok etdi.

TIV xabariga koʻra, Yevropa ittifoqi delegatsiyasiga hozirda YEIga raislik qilayotgan Avstriya Respublikasining Yevropa ishlari, integratsiya va tashqi ishlar masalalari boʻyicha federal vaziri Karin Knyaysel boshchilik qildi.

Tadbirda ikki tomon kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

Muhokama qilingan deyarli barcha masalalar boʻyicha mavqe va qarashlar yaqinligi yoki mos kelishi hamda uzoq muddatli oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishdan tomonlar manfaatdorligi tasdiqlandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Yevropa ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralarni 23 noyabr kuni boshlashga kelishib olindi. Ushbu bitim 1999 yil 1 iyuldan buyon amal qilayotgan Oʻzbekiston va Yevropa hamjamiyatlari hamda ularga aʼzo davlatlar oʻrtasida sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim oʻrnini bosishi kutilmoqda.

Yevropa tomoni Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishiga koʻmak berishga tayyor ekanligini tasdiqladi. Shuningdek, ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi. Xususan, Afgʻonistonda tinchlikni oʻrnatishda faol hamkorlik qilishga kelishib olindi. Majlis yakunida Abdulaziz Komilov va Karin Knyaysel matbuot anjumani oʻtkazdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?