Yevropa ittifoqi O‘zbekiston tashabbusining amaliy ijrosidan mamnun

12:04 26 Iyun 2018 Siyosat
248 2

Yevropa ittifoqi BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan bayonot berdi.

Yevroittifoq hamda unga a’zo davlatlar nomidan bayonotni YEIning Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi delegatsiyasi rahbari Viktor Dvorjak o‘qib eshittirdi. Diplomatning so‘zlariga qaraganda, “ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi Bryusselda mamnuniyat ila kutib olindi”.

Bayonotda, xususan, quyidagilar qayd etiladi:

“Biz Markaziy Osiyoda kechayotgan ijobiy jarayonlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va mintaqa mamlakatlarining ishonchli sherigi bo‘lib qolmoqdamiz. Yevropa hamda Markaziy Osiyo davlatlari hech qachon bu darajada yaqin bo‘lmagan edilar.

Biz mazkur mintaqada salmoqli manfaatlarga ega bo‘lganimiz holda u bilan hamkorlikni davom ettirish tarafdorimiz. Biz Markaziy Osiyoning osoyishta, farovon, yashovchan va o‘zaro bog‘langan iqtisodiy hamda siyosiy makon sifatida rivojlanishiga ko‘maklashadigan barcha sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlaymiz. Kelasi yil boshida biz YEIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasini qabul qilamizki, u bizning mintaqadagi ishtirokimizning yangi darajasini belgilab beradi.

Biz Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz xavfsizlik, savdo tartibini soddalashtirish, chegaralarni boshqarish, suv resurslari va atrof-muhit himoyasi, barqaror o‘zaro bog‘liqlik kabi masalalarga nisbatan yakdil yondashuvning ishlab chiqilishi bo‘yicha tadbirlarga ko‘maklashishdan mamnunmiz.

Ushbu imkoniyatdan foydalangan holda, Yevropa ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlarini Afg‘onistonda tinchlik hamda taraqqiyot uchun mintaqaviy shart-sharoitlarni yaratishda davom etishga chorlaydi”.

Eslatib o‘tamiz, yuqorida keltirilgan Rezolyutsiyaning qabul qilinishi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusning amaliy ijrosi hisoblanadi. O‘shanda O‘zbekiston yetakchisi 2017 yil noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Markaziy Osiyo bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro anjuman o‘tkazilishini ma’lum qilib, uning yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etgandi.

Anvar MIRZAYEV
(“Xalq so‘zi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?