Yevropa davlatlari, AQSH, Yaponiyada savdo doʻkonlarimizni ochamiz — Murtazo Rahmatov

08:45 09 Noyabr 2020 Klaster
424 0

“BCT Cluster” va “TCT Cluster” klasterlari rahbari, senator Murtazo Rahmatov “Xalq soʻzi onlayn”ga bergan intervyusida paxtani ekishdan tortib, xom ashyoni chuqur qayta ishlashga qadar boʻlgan “zanjir”li jarayon afzalliklari haqida toʻxtalar ekan, tayyor mahsulot realizatsiyasi masalasiga alohida toʻxtaldi.

— Keyingi uch-toʻrt yil ichida mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida klasterlarning joriy etilishini inqilobiy oʻzgarish deb baralla aytish mumkin.

 Xabaringiz bor, Buxoroda beshta fabrikadan iborat toʻqimachilik majmuamizning ishga tushishi bilan yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga kirishdik.Koʻrib turganingizdan sifatli jinsi matodan tayyorlangan bosh kiyimdan tortib egnimizdagi kiyimgacha hammasi oʻzimizning mahsulot. Biz shu tariqa oʻz brendimizni yaratib,zanjirning oxirgi boʻgʻinini bogʻladik.

 Endi tayyor mahsulot realizatsiyasi masalasi bor.Biz respublikamiz hududida 20-30 ta, 50 tagacha savdo doʻkonlarimizni ochayapmiz. Dastlabkilari faoliyat koʻrsatishga kirishdi.

Mamlakatimiz rahbariyatiga rahmat. Oʻzbekistonning chet el davlatlaridagi elchixonalari koʻmagida xorijda savdo tarmoqlarimizni ishga tushirish tadbirlarini koʻryapmiz. Masalan, Germaniyaning Myunxen, Drezden kabi yirik shaharlarida nisbatan arzon, sifatli, xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlarimizni sotish bilan shugʻullanadigan dastlabki 7 ta savdo doʻkonimizni ochish saʼy-harakatidamiz. Umuman, yaqin istiqbolda Yevropa davlatlari, Boltiqboʻyi respublikalari, Yaponiya va hatto jinsi mato vatani sanalgan AQSH da yuzlab savdo shoxobchalarimiz faoliyat yuritishga kirishadi. Buning uchun ozgina vaqt kerak, xolos.

 Gap shundaki, jinsi kiyim-kechaklar deylik, Germaniyada 70—100 yevrodan sotilyapti. Biz hozir oyiga bir million dona tayyor mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Tasavvur qiling-a, ularni 15 dollardan sotgan taqdirimizda ham bu 15 million dollar boʻladi. Xom ashyoning 1 kilogrammidan 2 ta yupqa jinsi ishlab chiqarish mumkin. Bu 1 kilogramm paxta 30 dollarga aylanishini anglatadi. Mening orzuim 5 yilda paxta-toʻqimachilik mahsulotlari eksportini 50 milliard dollarga yetkazish. Vyetnam, Bangladesh kabi davlatlar tajribasi bu maqsadga bemalol yetish mumkinligini koʻrsatyapti. Deylik,  Vyetnamda bir dona gʻoʻza oʻsmaydi. Lekin 50 milliard dollar miqdorida paxta toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qiladi. Biz keyingi bosqichda boshqa yoʻnalishlar, masalan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻyish orqali mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, iqtisodiyotni mustahkamlash niyatidamiz.

Yaratganga beadad shukrlar boʻlsinki, davlatimiz tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayapti. Shu boisdan men mamlakatimizning kelajagi har jabhada juda ham yuksak deb hisoblayman.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?