Yevrobondlar O‘zbekistonga qanday foyda keltiradi?

16:32 28 May 2018 Iqtisodiyot
528 0
Foto: vestifinance.ru

Joriy yil fevral oyida O‘zbekiston hukumati yetаkchi uchta agentlik — “Moody's”, “S&P Ratings” va “Fitch Rating”ning ikkitasidan kredit reytingi olgandan so‘ng xalqaro fond bozoriga ilk bor yevrobondlarni joylashtirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. 

Mamlakat moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “Bloomberg” axborot manbasiga shu haqida bergan intervyusi xususida on-layn nashrimizda ham to‘xtalib o‘tgandik. 

Yevrobond nima o‘zi? U davlatga qanday foyda keltiradi? 

1. Yevrobond nima o‘zi?

Yevroobligatsiyalar moliyaviy “lahja”da yevrobond deyiladi. Bu emitent(qimmatli qog‘ozlar va qog‘oz pul chiqarish huquqiga ega bo‘lgan davlat, bank yoki idora) uchun xorij valyutasida chiqarilgan uzoq muddatli qimmatbaho qog‘ozlardir. Emitentning ishonchliligini reyting agentliklari kuzatib boradi. Yevroobligatsiyalar 1 yildan 40 yilgacha bo‘lgan muddatga mablag‘ resurslarini olishdan manfaatdor bo‘lgan hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, yirik korporatsiyalar tomonidan chiqariladi. 

Boshqacha aytganda, bu qarz majburiyati bo‘lib, muayyan vaqtda so‘ng yevrobondlar qayta sotib olinishi kerak. “Yevro” old qo‘shimchasi esa bunday obligatsiyalar 1963 yilda Yevropada(Italiyada) paydo bo‘lgani bilan bog‘liq. Ayni paytda mazkur an’anaviy nom turli bozorlarda va turli valyutalarda ham bir xilda qo‘llaniladi.   

2. Ular qanday joylashtiriladi?

Yevroobligatsiyalar uni chiqargan mamlakatdan boshqa turli davlatlar moliya bozorlariga joylashtiriladi. Bu bilan anderrayterlar(kafolatlovchilar) xalqaro sindikati shug‘ullanadi. Uning tarkibiga dunyodagi eng kuchli moliya institutlari kiradi. Bu esa mazkur qarz majburiyatining moliyaviy vosita sifatidagi ishonchliligini ta’minlovchi omildir. Anderrayterlar, emitentlar, investorlar (sug‘urta kompaniyalari, pensiya jamg‘armalari va boshqa tuzilmalar) Xalqaro kapital bozori ishtirokchilari uyushmasiga birlashgan. Uning qarorgohi Shveysariyaning Syurix shahridadir. Avvaliga yevrobondlar ochiq obuna vositasida fond birjasiga joylashtiriladi. Daslabki savdodan so‘ng ular ikkilamchi bozorga borib tushadi. Bu yerda investitsiyaviy kompaniyalar va boshqa vakolatli moliya tuzilmalari tomonidan sotib olinadi.

3. Yevrobondlarni kimlar va nima uchun sotib oladi?

Yevrobondlarni asosan institutsional sarmoyadorlar: sug‘urta va pensiya jamg‘armalari, investitsiya kompaniyalari xarid qiladi. Xaridor yevroobligatsiyani qayta sotib daromad olishi mumkin. Yevroobligatsiyalar birja kotirovkasi, u yoki bu moliya bozoridagi talab va taklifga qarab daromadlilik ko‘rsatkichlariga ega. Mazkur likvid vositadan emitent qarz majburiyatini uzgunga qadar kursning o‘zgarishiga qarab doimiy foyda olish imkoniyat mavjud.

4. Bularning barchasi O‘zbekistonga nima uchun kerak?

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hukumat obligatsiyalarni mablag‘larni jalb etish uchun emas, balki o‘zbek bozori uchun benchmark yaratish maqsadida joylashtirishini aytib o‘tgandi. Benchmark – bu bozorni baholash uchun olingan mo‘ljaldir. Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetovning fikricha, mamlakatda iqtisodiyot qayta qurilar ekan, hokimiyat aholi o‘rtasida shakllanib qolgan kreditlarni qabul qilmaslik stereotipi bilan bog‘liq to‘siqqa duch keladi. Hukumat bunday holatni yevroobligatsiyalar joylashtirib, shu asosda kompaniyalar uchun kredit oriyentirni yaratish asnosida bartaraf etish mumkin, deb hisoblaydi. Xorijdan qarz olish yo‘li bilan hukumat mahalliy kompaniyalar uchun namunaga aylanadi va ularni o‘z bizneslarini kengaytirish uchun mablag‘larni faol jalb qilishga undaydi. T. Ishmetov hukumat, shuningdek, ko‘plab ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlashi, yangi ish o‘rinlari yaratishi lozimligi, buning uchun moliyalashtirishning muqobil manbalari muhim ekanligini ta’kidlaydi.

5. Hozir nima bo‘lmoqda?

Shu kunlarda “Citigroup” kompaniyasi O‘zbekiston reyting olishi uchun “yo‘l xaritasi”ni tayyorlamoqda. Qayd etish kerak, Reytingni nashr etish va obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha oxirgi qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinadi. 

“Bloomberg” agentligi bilan suhbatda Jamshid Qo‘chqorov emissiya summasi 200-300 million AQSh dollari atrofida bo‘lishi haqida aytib o‘tgan bo‘lsa, keyinroq Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Shuhrat Vafayev esa bu boradagi aniq raqamlar haqida gapirishga hali erta ekanligini bildirgandi. 

6. Nima o‘zgaradi?

Mamlakatlar, qoidaga ko‘ra, bunday qimmatli qog‘ozlarni rejalashtirilgan ijtimoiy yoki iqtisodiy loyihani amalga oshirish maqsadida chiqaradi. Masalan, Tojikiston 2017 yil sentyabr oyida Rog‘un GESi qurilishi uchun ilk bor yevrobondlarni joylashtirgan. 

Yevroobligatsiyalarni chiqarish sababi qanchalik hurmatga loyiq ko‘rilsa, emitentga bo‘lgan ishonch shunchalik yuqori va ularni sotish shartlari shunchalik foydali bo‘ladi. O‘zbekiston suveren kredit reytingini olish va yevrobondlarni chiqarishdan oldin iqtisodiy axborotni yig‘ish hamda tarqatish tizimini, tegishli normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlarga muvofiq holga keltirishi, iqtisodiy tartibga solish tizimini yanada shaffof va investorlar uchun tushunarli qilishi kerak. 

Reytingni olgandan so‘ng O‘zbekiston banklari ham shu kabi reytinglarni qo‘lga kiritishi hamda xorijdan yanada past stavkalarda mablag‘lar jalb etishi mumkin bo‘ladi. Binobarin, korxonalarning bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yanada ortadi. Ham mahalliy, ham xalqaro kompaniyalar uchun fond bozorlarida yangi istiqbollar ochiladi. Bularning barchasi xalqaro kapital bozoriga chiqishni yanada yengillashtiradi.

Manba: Spot.uz.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?