Everest choʻqqisiga olib boruvchi yoʻlda Qashqadaryoning anʼanaviy oʻtovlaridan biri oʻrnatilishi rejalashtirilmoqda

20:21 26 Dekabr 2019 Lifestyle
842 0

Maʼlumki, Everest dunyoning eng baland choʻqqisi hisoblanadi. Unga olib boruvchi yoʻlda Oʻzbekiston soʻzi yozilgan, davlat bayrogʻi tushirilgan Qashqadaryoning anʼanaviy oʻtovi oʻrnatilishi kutilmoqda.

Turizmni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra, tashkilot mutaxassisi Asror Allayarov Nepal davlat sanʼat, turizm va fuqarolik aviatsiyasi vazirligi tarkibidagi turizm boshqarmasi masʼullari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Katmanduda boʻlib oʻtgan muzokaralarda turizm sohasida uzoq yillik hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlar muhokama etilgan.

Unga koʻra, ikki shaharga keluvchi xorijlik sayyohlar sonini oshirish, rasmiy veb-saytlar orqali maʼlumotlar almashish, xalqaro festivallarda ishtirok etish, sertifikatlangan oʻquv kurslari tashkil qilish, xodimlar malakasini oshirish, ikki shahar universitetlarida maʼruzalar tashkil etish boʻyicha memorandum imzolangan. Ushbu kelishuvlar asosida kelgusidagi 5 yillik rejalar belgilab olingan. Shuningdek, ayni damda Nepalda Qashqadaryo turizm yarmarkasi oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

- Qashqadaryoning turistik salohiyati bizda katta taassurot qoldirdi. — deydi Nepal Turizm boshqarmasi boʻlim boshligʻi Bimal Kadel. — Ayniqsa, bu hududda toʻrt faslni ham koʻrish mumkinligi qiziqtirdi va quvontirdi. Umid qilamanki, Qarshi va Katmandu shaharlari oʻrtasida keng qamrovli turistik loyihalar kelajakda yaxshi samara berishiga umid qilamiz.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra, ushbu loyihalardan koʻzlangan maqsad dunyoning turli goʻshalaridan kelayotgan xorijlik sayyohlarga Oʻzbekiston madaniy merosi namunalarini namoyish etish va targʻib qilishdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?