Euronews Oʻzbekiston Prezidenti tashabbuslari haqida xabar qilmoqda

11:35 31 Oktyabr 2020 Siyosat
476 0

Euronews xalqaro telekanali Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslariga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekiston — kelajakni sevadigan insonlar” deb nomlangan turkum videoroliklar efirga uzatmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Telekanal Oʻzbekiston rahbarining Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga tahdid soluvchi global iqlim oʻzgarishini oldini olishga qaratilgan Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi, deb eʼlon qilish toʻgʻrisida BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha taklifi haqida batafsil maʼlumot taqdim etdi.

Euronews Oʻzbekiston Prezidenti YUNESKO bilan hamkorlikda 2021-yil Xiva shahrida “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” Xalqaro forumini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqqanini ham maʼlum qildi. Materialda taʼkidlanishicha, ushbu tadbir mintaqa mamlakatlarini madaniy, tarixiy va ilmiy tomondan rivojlantirishda yordam beradi. «YUNESKO Bosh direktori Odri Azule ushbu tashabbusning muhimligini taʼkidladi», deyiladi xabarda.

Yana bir videorolikda mamlakatimiz rahbarining BMT shafeligida transport va kommunikatsiyalarni oʻzaro bogʻlashni rivojlantirish mintaqaviy markazini yaratish taklifiga eʼtibor qaratildi. “Ushbu tashabbus mintaqaning global iqtisodiy, logistika va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashga moʻljallangan mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini yana-da oshirishga qaratilgan”, deydi Euronews.

BMT huzurida Afgʻonistonning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshadigan Afgʻoniston boʻyicha doimiy qoʻmita tashkil etilishi alohida taʼkidlangan. “Ushbu tashabbus qoʻshni mamlakatda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishga xizmat qiladi. Faqatgina birgalikdagi saʼy-harakatlar va yaqin hamkorlik orqali afgʻon xalqining umidlari amalga oshishi mumkin”, — deydi telekanal muxbir.

Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tayyorlangan videoroliklar 2020-yil 9-noyabrga qadar efirga uzatiladi.

Euronews — yetakchi xalqaro yangiliklar kanali va Yevropaning eng yirik yangiliklar markazidir. Telekanal Yevropa teleradioeshittirishlar ittifoqi tashabbusi bilan 1993-yil tashkil etilgan. Uning bosh qarorgohi Lion shahrida (Fransiya) joylashgan. Televizion kompaniya tizimida 30 dan ortiq turli millat vakillarining 600 dan ortiq jurnalisti faoliyat yuritadi. Kanal tunu kun 12 tilda efirga uzatiladi. Oyiga global auditoriya 160 mamlakatda 134 million kishini tashkil qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?