E.Turdimov: “Kreditni hamma narsasi yetarli boʻlgan yoshlarga emas, haqiqatdan muhtoj yigit-qizlarga berish kerak“

19:42 27 Fevral 2020 Jamiyat
262 0

Samarqand viloyati hokimligida oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining toʻrtinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan sessiyada deputatlar tomonidan viloyatda yoshlarning bandlik darajasini oshirish va “Besh muhim tashabbus” doirasida ishlar samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar va boshqa bir qator masalalar muhokama etildi.

Sessiya ishida viloyatdan saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzolari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimi oʻrinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, tuman (shahar) hokimlari va sektor rahbarlari, tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, Xalq qabulxonalari mudirlari, Yoshlar ittifoqi viloyati, shahar va tuman Kengashlari raislari, tuman va shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari direktorlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari hamda viloyatga biriktirilgan ishchi guruh aʼzolari ishtirok etdi.

— Prezidentimiz 2019-yil 27-dekabr kuni yoshlar bilan uchrashuvda 2020-yilda yoshlar masalalariga har qachongidan koʻproq eʼtibor qaratilishini alohida taʼkidlagan va bu borada barchamizning oldimizda turgan vazifalarni belgilab bergan edi, — dedi E.Turdimov. — Xususan, yoshlar bandligini taʼminlash, ularning oʻqishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyat yaratish har bir rahbarning asosiy vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlangandi. Aslida, oʻtgan yil davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus yoshlar bilan ishlashda asosiy dasturilamal boʻlishi kerak. Toʻgʻri, shundan kelib chiqib, har bir sektor boʻyicha rejalar, manzilli dasturlar ishlab chiqildi, muayyan ishlar ham amalga oshirildi. Sektor rahbarlari yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Lekin bu tadbirlar RR uchun oʻtkazilmasligi kerak. Yoshlar bilan ochiq, yuzma-yuz muloqot qilish, amaliy ishlarga qoʻl urish lozim. Koʻp muammolar asosan ishsizlikdan, yoshlarning doimiy daromad manbaiga ega emasligidan kelib chiqyapti. Shuning uchun birinchi navbatda ishsiz yigit-qizlar bandligini taʼminlashga eʼtibor qaratishimiz kerak. Buning ham yoʻli koʻp, izlangan, masalaning ichiga kirgan rahbar buni uddalayapti. Ammo rejalarni qogʻozda “bajarayotgan”lar ham yoʻq emas. Davlatimiz tomonidan keng imkoniyat yaratilib, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi ishlab chiqildi va yoshlarga imtiyozli kreditlar berilmoqda. Afsuski, bunda ham kamchiliklarimiz koʻp. Kreditni hamma narsasi yetarli boʻlgan yoshlarga emas, haqiqatdan muhtoj yigit-qizlarga berish kerak. Ana shunda uning hayoti oʻzgaradi, ertasiga umid paydo boʻladi.

Sessiyada viloyatdagi toʻrt sektor rahbari – viloyat hokimi E.Turdimov, viloyat prokurori F.Zufarov, viloyat IIB boshligʻi Sh.Rahmonov, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Sh.Axmedov ham oʻz hududida yoshlar bandligini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va bu yilgi rejalar haqida maʼlumot berdi.

— Yil boshidan buyon sektor hududida oʻtkazilgan yoshlar bilan uchrashuvlarda 37 ta murojaat boʻldi, — deydi Samarqand viloyati IIB boshligʻi, 3-sektor rahbari Shavkat Rahmonov. Bu murojaatlarning 34 tasi boʻyicha masalalar joyida hal etildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari U.Muhammadiyev soʻzga chiqib, ushbu yoʻnalishda sektorlar tomonidan olib borilayotgan ishlarni yana-da kuchaytirish, har bir hudud boʻyicha aniq manzilli dasturlar asosida ish olib borish kerakligini taʼkidladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev(“Xalq soʻzi“)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?