YETTB tomonidan bugungi kungacha Oʻzbekiston iqtisodiyot sektorlariga 1,3 mlrd dollar investitsiya kiritildi

17:04 06 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
578 0

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori, Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov shu kunlarda rasmiy tashrif bilan Buyuk Britaniyada boʻlib turibdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Buyuk Britaniyalik hamkorlar va London shahrida joylashgan xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, Oʻzbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan yangi bosqichdagi islohotlarning mazmun-mohiyati va natijalarini, bu yilgi saylovning ahamiyatini xalqaro jamoatchilik vakillariga yetkazishdan iborat.

Delegatsiya aʼzolari tashrif doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Prezidenti Suma Chakrabarti bilan uchrashdilar. Samimiy muloqot chogʻida Oʻzbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanish va oʻzgarishlar, ayniqsa, iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, kichik biznes subyektlari, xususiy tadbirkorlik va xususiy mulkchilikni faol qoʻllab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, mustahkamlanayotgan tashkiliy-huquqiy asoslar haqida YETTB rahbariga batafsil soʻzlab berildi.

Oʻz navbatida, janob Suma Chakrabarti mehmonlarni oʻz shtab-kvartirasida qutlar ekan, mamlakatda kechayotgan bugungi jarayonlarni qiziqish bilan kuzatib borayotganini eʼtirof etib, Oʻzbekiston Prezidentining yangi yoʻnalishdagi siyosati va islohotlarini yuqori baholadi.

Darhaqiqat, bugun Davlatimiz rahbari tomonidan qatʼiy olib borilayotgan yangilangan ochiq ichki va tashqi siyosat natijasida Oʻzbekiston YETTB tomonidan moliyalashtirilayotgan 40 ga yaqin davlat orasida 7-oʻringa koʻtarildi. Oʻzbekiston Prezidentining topshirigʻi bilan yaqinda YETTBning Andijonda vakolatxonasi ochilgani, yaqin kelajakda Urganch va boshqa yirik shaharlarda ham shunday vakolatxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilayotgani mintaqalarning ham jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

YETTB rahbari bugun nafaqat poytaxt Toshkent shahrida, balki mamlakatning barcha mintaqalarda ham ulkan oʻzgarishlar yuz berayotganidan xabardor ekanini taʼkidlab, YETTB tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bundan buyon ham alohida eʼtibor qaratilaverishini maʼlum qildi.

Eʼtirof etish joiz, 2017-yilning noyabr oyida YETTB vakolatxonasi Toshkentdagi faoliyatini tiklaganidan soʻng oʻzaro munosabatlarning mutlaqo yangi davri boshlandi. 2018-yilda bank tomonidan mamlakatimizga qariyb 400 mln. yevro miqdorida mablagʻ ajratildi. Bugungi kunga kelib esa YETTB tomonidan Oʻzbekiston iqtisodiyot sektorlarida 70 ta loyihaga 1,3 mlrd dollar investitsiya kiritildi. Bular mazkur bank va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tarixida maksimal darajadagi yillik mablagʻdir.

YETTB tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida chora-tadbirlar, bank kreditlarining soʻmda berish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani, milliy valyutamiz mavqeini mustahkamlash va barqarorligini saqlash barobarida, bugun Oʻzbekiston amalga oshirayotgan iqtisodiy islohotlar mohiyati bilan uygʻunligi diqqatga sazovordir.

Uchrashuv soʻngida tomonlar YETTB bilan Oʻzbekiston Respublikasining hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash boʻyicha faoliyat koʻlamini yanada kengaytirish xususida kelishib oldilar.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?