YETTB Oʻzbekistonga 150 mln. dollar kredit ajratadi

14:04 21 Noyabr 2019 Jamiyat
115 0

Oʻzbekiston Respublikasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida uchta loyiha boʻyicha umumiy qiymati 150 million AQSH dollariga teng kredit shartnomalari imzolandi.

Mazkur mablagʻlar Navoiy IESdan Besopanda joylashgan 220 kV. elektr uzatish tarmogʻini ulash/uzish punktigacha 177 km. uzunlikdagi 500 kV. gabaritdagi 220 kV. elektr liniyasini qurish, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri kanalizatsiya tizimlarini qayta taʼmirlash va qurilish ishlarini amalga oshirish hamda Xorazm viloyati Urganch, Xiva va Pitnak shaharlari kanalizatsiya tizimlarining qayta taʼmirlash va qurilish ishlariga yoʻnaltiriladi.

Shartnomalar kecha Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan hamkorlikda tashkil etilgan oraliq sessiyasida imzolangan. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, YETTBning Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchisi B.Balvanera, YETTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari A.Drakinos, shuningdek, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki vakillari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank rahbarlari ishtirok etishdi.

Shuningdek, British American Tobacco (Buyuk Britaniya), JP Morgan Chase (AQSH), CNPC (Xitoy), KNOC (Janubiy Koreya), “Lukoyl” (Rossiya), Knauf (Germaniya), Carlsberg (Daniya), Posco Daewoo (Janubiy Koreya) va boshqa shu kabi Oʻzbekistonda investitsiya faoliyatini amalga oshirayotgan yoki amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar rahbarlari ham qatnashdi. Bundan tashqari, Ernst&Young, KPMG, Deloitte, Pricewaterhouse Coopers, Dentons kabi xalqaro konsalting agentliklari ekspertlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ham hozir boʻldi.

Maʼlumot uchun: Xorijiy investorlar kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashini va uning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.

Ushbu Kengash tarkibiga YETTB kabi xalqaro moliya institutlari, xorijiy kompaniyalar, banklar va xorijiy davlatlar moliyaviy tashkilotlarining rahbarlari va vakillari kiradi.

Kengash tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligidagi yalpi sessiyalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boshchiligidagi oraliq sessiyalar shaklida oʻtkaziladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?