YETTB Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirmoqchi

16:51 07 Fevral 2019 Iqtisodiyot
366 0

Yaqinda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzaqov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki(YETTB)ning Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi direktori Bruno Balvanera bilan uchrashdi. Unda YETTBning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos ham qatnashdi. Bu haqda vazirlik PR-markazi xabar berdi.

Muloqot YETTBning respublikadagi hozirgi faoliyati, ushbu moliya muassasasi boshqaruvchi direktorligiga Oʻzbekistondan yangi nomzodni taqdim etish hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

B.Balvanera YETTB Oʻzbekiston bilan chuqurlashib borayotgan hamkorlikning bugungi yoʻlini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi hamda oʻtgan yilgi oʻzaro ishlar natijalari va erishilgan kelishuvlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Ayni paytda ushbu bank bilan yettita loyiha boʻyicha zayom bitimlari imzolangan. Ular poytaxt va hududlardagi suv taʼminoti tizimi va markazlashtirilgan issiqlik taʼminotini yaxshilash, shuningdek, elektr energetikasi sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan. Bularning qiymati 622,5 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Oʻz navbatida YETTB Oʻzbekistonda energetika sektorini isloh qilish, jumladan, davlat korxonalarini xususiylashtirish va kapital bozorini rivojlantirishda ham faol ishtirok etyapti.

2019 yilda oʻzaro hamkorlik doirasida investitsiya portfelini kengaytirish va yanada istiqbolli tarmoqlardagi loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun qoʻshimcha moliyalashtirishni jalb etish kutilyapti.

Muzokaralar chogʻida tomonlar birinchi yarim yillikda Xorijiy investorlar kengashining birinchi majlisi, shuningdek, YETTB prezidenti Suma Chakrabortining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

YETTB bilan hamkorlikda tuzilajak ushbu Kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raislik qiladi. U investitsiya iqlimini yaxshilash, sarmoyalarni jalb etishga xizmat qiluvchi qulay, teng va shaffof ishbilarmonlik muhitini taʼminlash boʻyicha hukumat uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqarishga qaratilgan. Uning tarkibidan Oʻzbekiston hukumati, YETTB, xorijdagi boshqa moliya institutlari va koʻp tarmoqli taraqqiyot banklari, Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizdagi turli bank uyushmalari vakillari joy olishi rejalashtirilgan. Kengash qoshida Ijroiy qoʻmitasi va Kotibiyat tuziladi.

Mehmonlar vazirni Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining har yilgi yigʻilishining navbatdagisi kun tartibi hamda sanasi haqida maʼlumot berar ekan, Oʻzbekistonning unda ishtirok etishi muhim ekanligini taʼkidlashdi.

Yakunda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda YETTB oʻrtasidagi samarali hamkorlik uchun faoliyatni muvofiqlashtirishni zarur darajada ushlab turishga kelishib olishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?